Tojikiston Adliya vazirligi Jinoiy jazolarni ijro etish bosh boshqarmasiga qarashli 3/2-sonli axloq tuzatish muassasasida mahkumlar qoʻriqchilarga hujum qildi.

Rasmiy maʻʻlumotlarga koʻra, 9 nafar mahkum qoʻlbola qurollar bilan muassasa xodimlariga hujum qilgan. Hujum natijasida uch nafar qoʻriqchi ogʻir jarohatlangan.

Tartibni tiklash maqsadida qoʻriqchilar oʻqotar qurol ishlatishga majbur boʻlgan. Natijada uch nafar mahkum zararsizlantirilgan, qolganlari esa qoʻlga olingan.

Tojikiston milliy axborot agentligi “Xovar”ning xabar berishicha, mahkumlar muassasa maʻʻmuriyatining qonuniy talablariga boʻysunmagan va qochishga uringan. Hujumchilar oʻtkir temir pichoqlar va qoʻlbola qurollardan foydalangan.

Qoʻriqchilar qonun va xizmat koʻrsatmalariga muvofiq harakat qilib, vaziyatni nazorat ostiga olgan. Jarohatlangan xodimlarga zarur tibbiy yordam koʻrsatilgan. Ular hayotiga xavf yoʻq.

Muassasa hozirda odatiy tartibda ishlashda davom etmoqda.

Mavzuga aloqador