Donald Tramp Saudiyaga taxminan 100 milliard dollarlik qurol-texnika sotish boʻyicha shartnoma taklif qilishni rejalashtirmoqda. Reuters agentligining maъlum qilishicha, Oq uy rahbari ushbu taklifni may oyida Saudiya Arabistoniga qilinadigan tashrifi chogʻida taqdim etadi.


Rejalashtirilayotgan qurol etkazib berish paketiga Lockheed Martin, RTX Corp, Boeing, Northrop Grumman va General Atomics kabi yirik mudofaa kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan tizimlar kiradi.


Bundan tashqari, tomonlar MQ-9B SeaGuardian dronlari va boshqa texnikalar savdosi yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. 


Shuningdek, Saudiyaga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Avvalroq shunday muzokaralar Birlashgan Arab Amirliklari bilan ham oʻtkazilgan edi, biroq Vashington mintaqadagi Xitoy taъsiri borasidagi xavotirlar sababli ularni muzlatib qoʻygandi.


Nashrga koʻra, Trampning Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar boʻylab safari 13–16 may kunlari boʻlib oʻtadi. 


Ushbu tashrif davomida qurol-texnika boʻyicha bitimlardan tashqari, Tramp Saudiya tomoni bilan isroil* oʻrtasida diplomatik aloqalarni normallashtirishga erishishni koʻzlamoqda. 


Biroq, Ar-Riyod bunday kelishuvga rozi boʻlish uchun avvalo Falastin davlati tashkil etilishi shartligini bildirgan.

Mavzuga aloqador