Britaniya hukumati Gʻazodagi qon toʻkilish va Isroilning uzluksiz harbiy amaliyotlari ortidan Telь-Aviv bilan yangi savdo kelishuvi boʻyicha muzokaralarni vaqtincha toʻxtatganini maъlum qildi.

Buyuk Britaniyaning Xalqaro savdo vazirligi bu qarorni insoniy yordam etkazishdagi toʻsiqlar, Gʻazodagi aholi oʻrtasidagi talafotlar va mintaqadagi keng koʻlamli inqiroz bilan izohladi. Qayd etilishicha, Isroil bilan imzolanishi rejalashtirilgan erkin savdo kelishuvi yuzasidan muzokaralar faqat tinchlik va xalqaro huquq normalariga rioya etilganda davom ettiriladi.

Muxolifat va inson huquqlari tashkilotlari bir necha oydan beri Londonni Isroilga harbiy yordam, qurol-yarogʻ eksporti va iqtisodiy hamkorlikni qayta koʻrib chiqishga chaqirib kelayotgan edi. Britaniya rasmiylari esa avvalroq Isroilga harbiy texnikani eksport qilish litsenziyalari qayta koʻrib chiqilayotganini bildirgandi.

Britaniyadagi faollar va bir qator parlament aъzolari mazkur qarorni muhim va kechiktirilgan qadam sifatida baholashdi. Ularga koʻra, Gʻazoda inson huquqlari jiddiy buzilayotgan bir sharoitda Isroil bilan yaqin iqtisodiy hamkorlik siyosiy va axloqiy jihatdan nomaqbul hisoblanadi.

Isroil hukumati hozircha bu qarorga rasmiy munosabat bildirgani yoʻq.

Mavzuga aloqador