Afgʻoniston Irshod, haj va vaqf ishlari vazirligi 6-mart kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida haj mablagʻlarining sarf qilinishi boʻyicha hisobot taqdim etdi. Vazirning qayd etishicha, bu yilgi Afgʻonistondan haj qiluvchilar soni 30 mingtani tashkil qilib, bir nafar hoji uchun 282 ming 90 afgʻoni miqdoridagi mablagʻ belgilangan.

Bu pul AQSh dollari bilan hisoblaganda taxminan 3900 dollar atrofida boʻladi. Haj uchun hisoblangan barcha xarajatlar 8 mlrd 278 mln 777 ming 320 afgʻoni ekani xabar qilindi. Konferentsiyada hojilarni tashish uchun belgilangan aviakompaniyalar, Saudiya Arabistonida yaratilgan shart-sharoitlar, toʻlovning qaerdan amalga oshirilishi haqida ham maъlumot berib oʻtilgan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda bu yilgi haj kvotasi 15 ming qilib belgilangan. Kvota miqdori soʻnggi yillarda 3 barobarga oshirilgani maъlum qilingan boʻlsa-da, Oʻzbekiston fuqarolari uchun bu miqdor hanuz talabni toʻla qoplamaydi. Haj toʻlovlari ham Markaziy Osiyodagi boshqa respubliklalarga nisbatan qimmatroq boʻlib, 2024-yili 73 million 970 ming soʻmni (taxminan 5500 dollar), 2023-yili 68 million 760 ming soʻmni tashkil etgan.

Mavzuga aloqador