Eron janubida joylashgan Bandar-Abbos shahridagi, Islom Inqilobi Gvardiyasi Korpusining asosiy dengiz bazasi joylashgan hududda kuchli portlash sodir boʻldi.


“Rokna” axborot agentligi maъlumotlariga koʻra, portlash zarbasi shu darajada kuchli boʻlganki, hatto yaqin atrofdagi shahar aholisi ham uni sezgan. Bir necha kilometr radiusdagi binolarning derazalari portlash toʻlqini taъsirida sinib ketgan.


Soʻngi maъlumotlarga koʻra, hodisa natijasida toʻrt kishi halok boʻlgan, 516 kishi jarohat olgan. Bir nechta binolar esa jiddiy zarar koʻrgan. 


Eron manbalarining taъkidlashicha, portda Xitoydan keltirilgan suyuq va qattiq turdagi raketa yoqilgʻisi zaxiralari saqlanayotgan boʻlgan.


Maъlumotlarga koʻra, shu yilning 11 aprel kuni “Shahid  Rajaъiy” portiga Xitoydan birinchi partiya — taxminan 1000 tonna raketa yoqilgʻisi uchun moʻljallangan kimyoviy moddalar etkazib kelingan edi.


RIA novosti nashri sodir boʻlgan kuchli portlashga yonilgʻi saqlanadigan rezervuarning yonib ketishi sabab boʻlganligini maъlum qildi.


Portning yuk terminali boshligʻi Pajmon Behzodpurning taъkidlashicha, ushbu portlash yuk qabul qilish terminaliga va xavfli yuklar saqlanadigan omborga aloqador emas.


Eronning Neft mahsulotlarini ishlab chiqarish va taqsimlash boʻyicha Milliy kompaniyasi hodisa mamlakatdagi neft infratuzilmasiga — neftni qayta ishlash zavodlari va quvurlar tizimiga hech qanday taъsir koʻrsatmaganini maъlum qildi. Ularning barchasi odatdagi tartibda faoliyat koʻrsatmoqda.

Mavzuga aloqador