20 may kuni Bryusselda boʻlib oʻtgan uchrashuvda Evropa Ittifoqiga aъzo davlatlar Suriyaga nisbatan joriy qilingan barcha iqtisodiy sanktsiyalarni bekor qilishga kelishib oldi, deya xabar bermoqda BBC Russian. Biroq Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad rejimiga doir cheklovlar oʻz kuchida qoladi.

Evropa Ittifoqining tashqi siyosat boʻyicha rahbari Kaya Kallas bundan koʻzlangan maqsad — «Suriya xalqi uchun ish oʻrinlari yaratish va mamlakatni barqarorroq holga keltirish» ekanini taъkidladi.

EI diplomatlarining AFP agentligiga maъlum qilishicha, Bryusseldagi navbatdagi yigʻilishda tasdiqlanishi kutilgan kelishuv Suriya banklarini xalqaro moliya tizimidan uzib qoʻygan sanktsiyalarni bekor qiladi va Suriya markaziy banki aktivlari muzlatilishini bartaraf etadi.

Shu bilan birga, Evropa Ittifoqi mamlakatda igʻvogarlik va etnik ziddiyatlarni qoʻzgʻagan shaxslarga nisbatan yangi shaxsiy sanktsiyalarni joriy etish niyatida. Bu choralar muxolifat gʻalabasidan soʻng alaviylarga qarshi sodir etilgan hujumlar bilan bogʻliq.

Asad rejimiga qarshi sanktsiyalar, jumladan aholiga qarshi bosim oʻtkazishda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan qurol va jihozlarni sotishga qoʻyilgan taqiqlar esa hali ham kuchda qoladi.

Mavzuga aloqador