Frantsiya hukumati topshirigʻi bilan mamlakat maxsus xizmatlari tomonidan tayyorlangan hamda “Musulmon birodarlar va Frantsiyadagi siyosiy islom” deb nomlangan 73 betlik hisobot eъlon qilindi. Hisobot Frantsiyadagi baъzi ibodatxona va maktablarni nishon qilib koʻrsatgani, musulmonlarga nisbatan kamsitishni kuchaytirishi mumkinligi bois tanqidlarga sabab boʻldi.

Frantsiya Islom Kengashi (CFCM) oʻz bayonotida, ushbu hisobot mamlakatdagi musulmonlarga nisbatan “keng qamrovli shubhalar”ni qoʻzgʻatmasligi lozimligini uqtirdi.

Bayonotda taъkidlanishicha, “Musulmon birodarlar”, “siyosiy islom”, “ekstremistik islom” kabi atamalar hisobotda aniq taъriflardan xoli boʻlib, unda tilga olingan ibodatxonalar va musulmon maktablari siyosiy vositaga aylantirilishi ehtimoli bor.

Kengash hisobot musulmon tashkilotlarni nishon qilishi va musulmonlarga nisbatan kamsitishni avj oldirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Frantsiya Musulmon Federatsiyasi (MF) esa hisobotni “hayrat va xavotir bilan” qarshi olganini bildirdi.

Bayonotda Federatsiya oʻzini “Musulmon birodarlar harakati yoki uning vakili” sifatida koʻrsatishga urinishlarga keskin qarshi ekanini bildirib, bu iddaolar jamoatchilikdagi obroʻ, nufuz va legitimlikka jiddiy zarar etkazishi mumkinligi qayd etildi.

Federatsiya hisobotni tayyorlagan komissiya bilan hamkorlik qilganini, talab etilgan barcha maъlumotlar masъuliyat, ochiqlik va yaxshi niyat asosida taqdim etilganini eslatdi. Shuningdek, Federatsiya Frantsiyada 40 yildan buyon respublika va sekulyarlik tamoyillari doirasida faoliyat yuritib kelayotgani qayd etildi.

Hisobotda Frantsiyadagi 139 ta ibodatxona va davlat koʻmagi toʻxtatilgan qator xususiy maktablar “Musulmon birodarlar harakati bilan bogʻliq” ekani aytilgan.

Mamlakat boʻylab tahlil qilingan 21 maktabning 18 tasi toʻgʻridan-toʻgʻri, 3 tasi esa bilvosita ushbu harakatga aloqador deb baholangan. Hisobot mualliflari Frantsiyadagi “Musulmon birodarlar” boshqa Evropa tuzilmalariga nisbatan taъlim sohasiga ustuvor ahamiyat berish bilan farq qilishini taъkidlashgan.

Hisobotda Frantsiyadagi Qurъon kurslari atrofida shakllangan “ekotizimlar” orqali musulmonlarning ijtimoiy hayoti va faoliyatlari Musulmon birodarlar harakatiga bogʻlab koʻrsatilayotgani aytiladi.

Mavzuga aloqador