Gʻazoda davom etayotgan qonli qirgʻin va falastinliklarning ogʻir muammoli sharoitiga qaramay, bir qator arab davlatlari Isroil bilan savdo-sotiq aloqalarini faollashtirmoqda.

Misr Markaziy statistika byurosining rasmiy maъlumotlariga koʻra, 2024 yilda mamlakatning Isroil bilan tovar ayirboshlash hajmi 23% ga oshgan. Isroil rasmiy manbalari esa Iordaniya, Bahrayn, Marokash va Birlashgan Arab Amirliklari bilan savdo koʻrsatkichlarining oʻsganini qayd etgan.

Xususan, Iordaniya bilan savdo aylanmasi yuqori darajada saqlanib, Isroilga eksport qilingan tovarlar hajmi 76 million dollardan 109 million dollarga oshgan. Bahraynning Isroildan import hajmi esa keskin oʻsib, 8,1 million dollardan 102 million dollarga etgan, eksport esa ikki barobarga koʻpaygan. Marokash bilan savdoda import hajmi biroz kamaygan boʻlsa-da, Isroilning bu mamlakatga eksporti 30% ga oshgan va 95,5 million dollarga etgan.  

BAA esa Isroildan import hajmini 450 million dollarga oshirgan boʻlib, bu mintaqa mamlakatlari orasida eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Shu bilan birga, Isroil mahsulotlarining BAAga eksporti 132 million dollarga kamaygan.  

Arab davlatlari rasmiylarining aksariyati Gʻazoda davom etayotgan urush va falastinliklarning murakkab gumanitar holati yuzasidan odatda qattiq bayonotlar berib keladi. Biroq amaliy jihatdan ularning Isroil bilan savdo aloqalari ortga qaytish oʻrniga, aksincha, rivojlanib bormoqda.

Mavzuga aloqador