Gʻazodan Ukrainagacha: 2024 yil – urushlar yili
Gʻazodan Ukrainagacha: 2024 yil – urushlar yili
Yil oxirlab borar ekan, Isroilning Gʻazo va ishgʻol ostidagi Gʻarbiy Sohil boʻylab falastinliklarga qarshi shafqatsiz hujumlari davom etmoqda. Shu bilan birga, Ukraina va Rossiya oʻrtasida urushda toʻxtash belgilari koʻrinmayapti, uzoq davom etgan mojaro hal etilmay qolmoqda.
Gʻazo va ishgʻol ostidagi Gʻarbiy Sohilda qon toʻkilishi misli koʻrilmagan darajaga etdi. 2024 yilda 35 000 dan ortiq falastinlik halok boʻldi, bu 1948 yilda Isroil bosqini va sionistik tajovuz boshlanganidan beri eng koʻp qurbon berilgan yil boʻldi. Ukraina ham oʻzining eng qonli davrini boshidan kechirdi, mojaroda har ikki tomonda 67 000 kishi halok boʻldi.
Livanda "Hizbulloh" va Isroil oʻrtasida noyabrʻ oyining oxiridan buyon 60 kunlik oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi amal qilmoqda. Biroq bu yil allaqachon 4000 ga yaqin livanlik halok boʻldi va Netanyaxu hukumati turli bahonalar bilan maqsadli zarbalar berib, sulhni bir necha bor buzdi.
Noyabrʻ soʻngida Suriya hayratlanarli burilishni boshidan kechirdi: muxolifatning kutilmagandagi hujumi natijasida 11 kun ichida Asad rejimi agʻdarildi. Mamlakat noodatiy tarzda tinch holatni saqlab qolishga erishdi.
Umuman olganda, 2024 yil qonli yil boʻldi. Qurolli mojarolar joylashuvi va voqealar maʻʻlumotlari (ACLED) loyihasiga koʻra, dunyo boʻyicha jami 233 000 kishi halok boʻldi, bu oʻtgan yilga nisbatan 30 foizga koʻpdir. 2019 yildan beri oʻlimga olib keladigan zoʻravonlik harakatlari ikki baravar koʻpaydi va har sakkiz kishidan biri mojarolarga duchor boʻldi. Bular orasida falastinliklar "eng yuqori darajadagi zoʻravonlik"ni boshdan kechirdilar.
Quyida yil davomida toʻrtta yirik mojaro: Gʻazo, Livan, Ukraina va Suriyadagi voqealar haqida qisqacha maʻʻlumot beriladi.
Gʻazoga hujum
2024 yil falastinliklarning azob-uqubatlari tarixidagi eng qaygʻuli yil boʻlib, sionistik qatagʻon va qirgʻinlarning bir asrlik davrini ham ortda qoldirdi.
Shiddatli zoʻravonliklar davom etayotgan boʻlsa-da, har ikki tomon muzokarachilari Qatarda yigʻilgani sababli HAMAS va Isroil oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatishga umid paydo boʻlmoqda.
Oʻtgan hafta Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats muzokaralarning hozirgi bosqichini "soʻnggi kelishuvdan keyin garovga olinganlar boʻyicha kelishuvga eng yaqin boʻlganimiz" deb taʻʻriflab, 2023 yil noyabrʻ oyida 100 dan ortiq isroillik garovga olinganlarni falastinlik mahbuslar evaziga ozod qilishni taʻʻminlagan kelishuvga ishora qildi.
Ushbu oʻzgarishlarga qaramay, tahlilchilar Isroilning Gʻazo ishgʻoli tugashiga shubha bilan qarashmoqda. Yaqinda New York Times nashrining xabar berishicha, Isroil Oʻrta er dengizi anklavida 19 ta harbiy baza qurgan. Bundan tashqari, Isroil kuchlari Gʻazo markazida harbiy kuchlarini joylashtirdi, bu esa shimoliy va janubiy hududlarni samarali ravishda boʻlib tashladi.
Falastinlik professor, yozuvchi va siyosiy tahlilchi Kamel Havvash Isroilning harbiy mavjudligini kengaytirayotganini "uzoq muddatli" bosib olish belgisi sifatida koʻradi. "Isroil istagan joyida qoladi, chunki uni Gʻazodan hech kim haydab chiqara olmaydi," dedi Havvash AQSh va Gʻarbning Tel-Avivni qoʻllab-quvvatlashiga ishora qilib.
7 oktyabrʻ voqealaridan koʻp oʻtmay Isroil rahbarlari falastinliklarni Gʻazo hududidan butunlay chiqarib yuborish niyatida ekanliklarini aytishgan edi. Havvash davom etayotgan operatsiyani falastinliklarni Gʻazo hududidan butunlay yoʻq qilishga urinish deb atashga ikkilanayotgan boʻlsa-da, u Isroil "AQSh va Britaniyaning yordami bilan ular hamma narsani qila olishini tezda anglab etganini" taʻʻkidlaydi.
2023 yil oktyabrʻ oyidan beri Isroil hujumlari natijasida 45 000 dan ortiq falastinlik halok boʻldi, jumladan 14 500 nafar yosh, 106 000 dan ortiq kishi yaralandi. "Gʻazodagi deyarli barcha 1,1 million bola zudlik bilan himoya va ruhiy salomatlik yordamiga muhtoj," dedi UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel ijtimoiy tarmoqdagi xabarida.
Ukraina urushi
2024 yil Rossiya-Ukraina uchun ham shafqatsiz yil boʻldi. Rossiya qoʻshinlari Kievga nisbatan ustunlik qildi, sezilarli yutuqlarga erishib, sharqiy Ukraina hududlari boʻylab ilgarilab borgan boʻlsa-da, Vladimir Zelenskiy hukumati Moskvaning kuchaygan hujumlariga javoban Rossiyaning Kursk viloyatining bir qismini egallab, kutilmagan qarshi hujumni boshladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi maʻʻlumotlariga koʻra, 2024 yilda Moskva Ukraina hududining deyarli 4500 kvadrat kilometrini egallagan va kuniga 30 kvadrat kilometr tezlikda ilgarilab borgan. Soʻnggi paytlarda Rossiya Ukraina sharqidagi strategik ahamiyatga ega Pokrovsk shahriga yaqinlashib, asosiy hududlarni mustahkamlab olmoqda.
Biroq oʻtgan hafta Moskvada Kreml yaqinida sodir boʻlgan portlashda harbiy kuchlarning radiologiya, kimyo va biologiya boʻlimini boshqargan yuqori martabali rus generali Igor Kirillov halok boʻldi. Ukraina bu hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi.
Rossiyalik siyosatshunos va Vladimir Putinning sobiq maslahatchisi Sergey Markovning taʻʻkidlashicha, Kirillov nafaqat Ukraina, balki rossiyalik generalning Ukraina hududidagi AQSh kimyoviy va biologik faoliyatiga qarshi olib borgan kampaniyasi tufayli amerikaliklar tomonidan ham nishonga olingan.
2022 yilda soʻzlagan nutqida Kirillov Pentagonning Ukrainadagi faoliyatini "noqonuniy harbiy va biologik tadqiqotlarning" bir qismi sifatida taʻʻriflab, AQSh Demokratik partiyasi aʻʻzolarini Ukrainadagi bioqurol faoliyatini moliyalashtirishda aybladi. U: "Men Xanter Baydenning investitsiya fondidan mablagʻ olayotgan Pentagonning asosiy pudratchilaridan biri - "Metabiota"ga eʻʻtiboringizni qaratmoqchiman", - dedi.
Ukraina esa, oʻz navbatida, Kirillovni oʻz aholisiga qarshi kimyoviy qurollar ishlatishda aybladi.
2024 yil, shuningdek, Ukrainaning Rossiyaning Kursk viloyatiga qarshi muhim chegaraoldi operatsiyasi bilan ham esda qoldi. Wall Street Journal buni "Ikkinchi jahon urushidan keyin Rossiya hududiga birinchi xorijiy bosqin" deb taʻʻrifladi. Bu operatsiya Kievning bardoshliligini va Rossiyaning Ukraina sharqidagi yurishlariga qaramay, Gʻarbning harbiy yordamiga boʻlgan ehtiyojini koʻrsatishga qaratilgan edi.
Ikkinchi jahon urushi paytida Germaniya va Sovet Ittifoqi oʻrtasidagi eng yirik tank jangi sifatida tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan Kursk 2024 yilda yana ramziy jang maydoniga aylandi. Bu operatsiya Zelenskiy hukumatining NATO mamlakatlariga aniq xabari edi: Ukraina kurashish qobiliyatiga ega va qurol-yarogʻ taʻʻminotini oshirishga loyiq.
Isroilning Livanga qarshi urushi
Bu yil Isroil tajovuzi Gʻazo hududidan tashqariga, Tel-Aviv tomonidan oʻnlab yillar davomida bosqinlar va chegaraoldi hujumlarga duchor boʻlgan qoʻshni davlat Livangacha yoyildi.
Isroilning Livanga qarshi kampaniyasi sentyabrʻ oyida peyjerlar va radioaloqa vositalarining portlashlari bilan boshlandi. Bu yashirin taktika oʻnlab odamlarning hayotiga zomin boʻldi va minglab odamlarni yaraladi. Oʻtgan oyda bosh vazir Binyamin Netanyaxu halokatli hujumlar ortida Isroil turganini tan oldi.
Keyin Isroil Livanga havo hujumlarini uyushtirib, Hizbullohning yuqori martabali qoʻmondonlari va etakchi siyosiy arboblarini oʻldirdi. Sentyabrʻ oyi oxirida guruhning uzoq yillik rahbari Hasan Nasrulloh, oktyabrʻ oyi boshida esa Nasrullohning oʻrnini egallashi kutilgan Hizbullohning etakchi arbobi Hoshim Safiiddin Isroil zarbasida halok boʻldi.
Oktyabrda Isroil quruqlikdagi kuchlari 2006 yildagi Hizbulloh va Tel-Aviv oʻrtasidagi harbiy toʻqnashuvdan beri birinchi marta Livanga kirib bordi. Bu sionist davlatning kichik Oʻrta er dengizi mamlakatini oltinchi marta bosib olishini anglatardi. Isroil bosqini va hujumlari minglab livanliklarni oʻldirdi, 16 000 dan ortiq kishini yaraladi.
27 noyabrʻ kuni Hizbulloh va Isroil oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisida kelishuvga erishdi, chunki ikkala tomon ham oʻz sabablariga koʻra gʻalabani eʻʻlon qildi. Biroq, Livan rasmiylariga koʻra, moʻrt sulh Isroil kuchlari tomonidan 200 martadan ortiq buzildi.
Asad rejimining intihosi
2024 yilda Suriyada Bashar Asar boshchiligidagi Baas avtokratiyasi tugatildi. Rejimning hokimiyatni shafqatsizlik va qatagʻonlar orqali ushlab turishi Suriyadagi 13 yillik shafqatsiz fuqarolar urushi paytida 500 mingdan ortiq odamning oʻlimiga va mamlakat aholisining deyarli yarmining koʻchishiga sabab boʻldi.
Qurollangan rejimga qarshi guruhlar Rossiya va Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Asad rejimiga qarshi 2011 yilda Arab bahori tufayli boshlangan uzoq davom etgan fuqarolar urushi paytida gʻalaba qozona olmagan boʻlsa-da, hech qachon taslim boʻlishmadi. Aksincha, ular Suriyaning shimoli-gʻarbiy Idlib viloyatiga chekinib, rejim hujumlariga qarshi turishdi.
Noyabrʻ oxirida "Hayat Tahrir ash-Shom" (HTSh) boshchiligidagi qurolli rejimga qarshi guruhlar yashin tezligida hujum boshladi. Ular tez orada Suriyaning shimoliy hududlarini bosib oʻtib, mamlakatning qadimiy tarixga ega eng yirik shahri – Halabni egallashdi. Shundan soʻng 1960 yillardan beri Asad oilasi hukmronligi ostida zulm koʻrgan, Baasga qarshi kayfiyatlarning markaziga aylangan Hamaga yoʻl olishdi.
Fuqarolar urushi davomida muxolifat nazoratidan chetda qolgan Halab va Hamaning tez qoʻlga kiritilishi Asad rejimining yaqin orada qulashidan darak berdi.
8 dekabrʻ kuni rejimga qarshi guruhlar Suriyaning qadimiy poytaxti Damashqqa hech qanday qarshiliksiz kirib keldi. Rejim qoʻshinlari gʻoyib boʻldi va Bashar al-Asad oilasi bilan birga Moskvaga qochib ketdi.
Rejim qulashi ortidan rejimga qarshi guruhlar yangi bosh vazir Muhammad al Bashir va HTSh rahbari Ahmad ash-Shar’ boshchiligida muvaqqat hukumatni tuzdi. Ular hokimiyatni asosan tinch yoʻl bilan oʻtkazishni nazorat qilib, urushdan xarob boʻlgan yurtga umid tuygʻusini uygʻotishdi.
"Bu butun dunyodagi barcha ezilganlar va inqilobchilarga yoʻllangan xabar: barcha adolatsizlik va qon toʻkilishiga qaramay, haqiqat va xalq, shubhasiz, gʻalaba qozonadi," deydi Daroda istiqomat qiluvchi suriyalik jurnalist Umar Alhariri.
Qonli Suriya mojarosi nisbatan tinch yakunlangan boʻlsa-da, dunyoning boshqa hududlaridagi koʻplab qurbonlar keltirayotgan nizolar hamon echimini topmasdan qolmoqda.
Sudanda harbiylar va harbiylashtirilgan kuchlar oʻrtasidagi 20 oylik fuqarolar urushi dunyodagi eng yirik koʻchish inqirozi va ocharchalikni keltirib chiqardi. Bu urush mamlakat aholisining 30 foizini uylaridan quvib chiqardi, bundan tashqari, 24 000 dan ortiq odam halok boʻldi.
Xunta boshqaruvida boʻlgan Myanmada esa, hatto Xalqaro jinoiy sud mamlakatning oliy harbiy rahbariga nisbatan qamoqqa olish orderi chiqargan boʻlsa-da, bu yil harbiy boshqaruv va hukumatga qarshi kuchlar oʻrtasidagi ziddiyat yanada kuchaydi.
TRT World materiallari asosida tayyorlandi.













