Germaniyaning Migratsiya va qochqinlar boʻyicha federal idorasi (MQFI) Suriyadan kelgan qochqinlarning boshpana soʻrovlarini vaqtincha koʻrib chiqishni toʻxtatdi. Ushbu qaror Suriya diktatori Bashar Asad hokimiyatining agʻdarilishi bilan bogʻliq siyosiy vaziyat sababli qabul qilingan. Ayni damda Germaniyadan boshpana soʻragan suriyalik qochqinlar soni bir millionga yaqinlashgan.

MQFI rahbariyatiga koʻra, hozirgi sharoitda har qanday qarorlar mustahkam asosga ega emas. Shu sababli, Germaniya qochqinlar haqidagi soʻrovlarni koʻrib chiqishni siyosiy vaziyat aniq boʻlgunga qadar toʻxtatdi.

Migratsiya boʻyicha ekspert, professor Daniel Tiem, bu qarorni qoʻllab-quvvatlab, vaziyatning beqarorligi aniq va adolatli qarorlar qabul qilish imkonini cheklayotganini taʻʻkidladi. Uning fikricha, ushbu jarayon haftalar yoki oylarga choʻzilishi mumkin.

Germaniyaning ichki ishlar vaziri Nensi Fezer bu vaziyatni tushuntirib, qochqinlarni Suriyaga qaytarish haqidagi muhokamalarni "bemaʻʻni" deb baholadi. Shu bilan birga, mutaxassislar ogohlantirishicha, agar Suriyada vaziyat barqarorlashsa, MQFI avval qabul qilingan qarorlarni qayta koʻrib chiqishi mumkin.

Yurist Filipp Pryuysning aytishicha, bunday holatda yuz minglab holatlar qayta koʻrib chiqilishi ehtimoli mavjud.

Maʻʻlumotlarga koʻra, 47 mingdan ortiq boshpana soʻrovlari hozirda koʻrib chiqilmagan.
Ayni paytda Germaniyadan boshpana soʻragan qochqinlarning eng katta guruhini suriyaliklar tashkil qiladi. Ularning soni 900 000 nafardan ortiq.
Germaniya bilan bir qatorda yana sakkizta mamlakat: Angliya, Avstriya, Gretsiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Daniya, Norvegiya va Gollandiya suriyaliklar uchun boshpana soʻrovlarini cheklash yoki toʻxtatish boʻyicha choralar koʻrgan.

Mavzuga aloqador