Misr Gʻazoni qayta tiklash boʻyicha reja tayyorlamoqda
Qohira, 18 fevralь 2025 – Misr hukumati prezident Abdel Fattoh as-Sisiy tashabbusi bilan Gʻazo sektorini qayta tiklash va mahalliy aholini deportatsiya qilishni istisno qiluvchi rekonstruktsiya rejasini tayyorlamoqda.
"Al-Ahram" nashrining xabar berishicha, ushbu reja Gʻazo ichida falastinliklar uchun “xavfsiz zonalar” yaratilishini nazarda tutadi. Shu bilan birga, Misr va xalqaro kompaniyalar mintaqa infratuzilmasini tiklash ishlarini olib boradi.
Tashabbusning asosiy jihatlari
Oʻtish davri boshqaruvi – Hamas yoki Falastin maъmuriyatiga aloqasi boʻlmagan yangi boshqaruv tuzilmasini shakllantirish.
Xavfsizlik – Gʻarbda oʻqitilgan sobiq PA huquq-tartibot xodimlari ishtirokida Falastin politsiya kuchini tashkil etish.
Qayta tiklash bosqichlari – 5 yil davom etadigan uch bosqichli jarayon. Ilk olti oylik “erta tiklanish” davrida falastinliklar gumanitar yordam bilan taъminlanadi va koʻchma boshpanalarda joylashtiriladi.
Xalqaro munosabatlar
Ushbu taklif Evropa Ittifoqi diplomatlari, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA bilan muhokama qilinmoqda.
Misr Gʻazoni qayta tiklashni moliyalashtirish uchun xalqaro konferentsiya tashkil etishga umid qilmoqda.
Frantsiya va Germaniya tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan.
Misr, Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA va Iordaniya tashqi ishlar vazirlari bu rejani Arab Ligasi sammitida taqdim etishdan oldin Ar-Riyodda muhokama qiladilar.
Misrning bu tashabbusi AQSh prezidenti Donald Tramp taklif etgan Gʻazoni qayta qurish va falastinliklarni joylashtirish rejasiga javoban ishlab chiqilgan. Vashingtonning ushbu yondashuvi xalqaro hamjamiyatda keskin bahslarga sabab boʻldi.













