Misrlik yoshlar davlat xavfsizlik boʻlimi binosiga bostirib kirishdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qohiradagi milliy xavfsizlik xizmati binosiga bir guruh misrlik yoshlar tomonidan hujum qilingani aks etgan video tarqaldi. Misr ichki ishlar vazirligi ushbu xabarlarni rad etdi.
Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hujumda ishtirok etgani aytilayotgan ikki yigitga tegishli deb hisoblangan xat tarqaldi.
Unda shunday deyiladi:
"Agar bu xabar sizga etgan boʻlsa, demak biz oʻldirilganmiz yoki rejim kuchlari tomonidan yoʻq qilinganmiz.
Biz al-Masredagi (Heluan tumaniga kiruvchi mahalla) politsiya boʻlimida joylashgan davlat xavfsizligi idorasining toʻrtinchi qavatini nazoratga olishga urinib, mahbuslarni ozod qilish, bu erdagi kuch ishlatar tizim xodimlari hamda qiynoq asboblarini tasvirga olishni maqsad qilgandik.
Bu erda daxshatli jinoyatlar amalga oshiriladi. Biz hech qanday partiya yoki guruhga mansub emasmiz. Bu xalqni uygʻotish, rejim bilan muzokara boshlash va Gʻazodagi genotsidni toʻxtatishga qaratilgan urinish edi", deyiladi xatda.
Yana bir tarqalgan videoda hujumda ishtirok etgani aytilgan ikki shaxs – Muhsin Muhammad Mustafo va uning yaqin qarindoshi Ahmad Sharifni xavfsizlik binosi ichida ekanini koʻrish mumkin.
Faollardan biri Anas Habib bu voqeaga quyidagicha izoh berdi:
"Bu yigitlar oʻzlarini fido qilishdi va gʻururli misrliklarni uygʻotish, Gʻazo aholisini qutqarish uchun bor kuchi bilan harakat qilishdi. Agar biz ularni yolgʻiz qoldirsak, rejim ularni oʻldirishiga yoʻl qoʻysak – bu sharmandalik boʻladi va biz bu haqda Alloh oldida javob beramiz".













