Pokiston Mudofaa vazirligi Hindiston bilan harbiy toʻqnashuvga tayyor ekanini bildirgan bir qator xabarlar va videolarni X ijtimoiy tarmogʻi orqali eъlon qildi. Eъlonlarda Pokiston hukumati Hindistonga ochiq tahdidlar yoʻllab, bu davlat hududidagi mintaqalardan birini “yoʻq qilib tashlash”ga tayyorligini aytdi.


Mudofaa vazirligining ilk postida raketa uchirilayotgani tasvirlangan. Post tagida esa quyidagi jumlalar keltirilgan: “Rahmat, Modi, sen xalqimizni birlashtirding. Urushni xohlaysizmi? Unda boshlang. Pokiston tayyor.”


Keyingi videoda esa harbiy zobit saf tortgan askarlar qarshisida turib, shunday nutq soʻzlagan: “Pokiston – Janubiy Osiyodagi yagona davlatki, u hech qachon Hindiston hukmronligini tan olmaydi va hech qachon qoʻrqitishga boʻysunmaydi”.


Vazirlik sahifasida shuningdek, bir nechta boshqa videolar ham joylashtirilgan boʻlib, ularda raketa tizimlari ishga tushirilgani aks etgan.


Ukrainadagi “Strana.ua” nashrining maъlumotlariga koʻra, videolarda koʻrsatilgan raketa tizimi – Pokistonda ishlab chiqilgan “Fath-2” deb nomlangan koʻp martalik raketa otish tizimi (RSZO) boʻlib, u 400 kilometrgacha uzoqlikdagi nishonlarni urib tushira oladi.


“Kasuredan (Pokistondagi shahar) Nyu-Dehliga boʻlgan masofa 383 km. Pokiston RZSO sohasida Hindistondan jiddiy ustunlikka ega,” – deyiladi tvitlardan birida.


Maъlumot oʻrnida aytish joizki, ham Pokiston, ham Hindiston yadro qurollariga ega davlatlardir. Har ikkala mamlakatning yadro arsenalida taxminan 160 ta yadro kallaki bor.


Eslatib oʻtamiz, mazkur siyosiy mojaro Hindiston hukumati 22 aprel kuni Kashmirda yuz bergan terakt ortidan chaqirilgan favqulodda yigʻilishda Pokistonga qarshi keskin choralarni eъlon qilganidan soʻng yuzaga keldi.

Mavzuga aloqador