Pokiston armiyasining maъlum qilishicha, Hindiston ballistik raketalar orqali fuqarolik hududlari va ayrim harbiy bazalarni nishonga olgan.

Pokiston hukumati X ijtimoiy tarmogʻida eъlon qilgan bayonotiga koʻra, Pokiston armiyasi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi (ISPR) bosh direktori, korpus generali Ahmad Sherif Chaudriy Hindistonning Adampur qishlogʻidan 6 ta ballistik raketa otilganini maъlum qildi.

Chaudriyning soʻzlariga koʻra, ushbu raketalardan biri yana Adampur atrofiga tushgan, qolgan 5 tasi esa Panjob shtatidagi Amritsar shahriga urilishi qayd etilgan.

Unga koʻra, Hindiston armiyasi mamlakatdagi sikxlar jamoasini nishonga olgan va har qanday “terrorchilik harakatlari” qoralanishi lozimligini taъkidlagan.

Chaudriy tunda oʻtkazgan matbuot anjumanida Hindiston raketalari Islomobod yaqinidagi Nur Xon havo bazasi, Panjobdagi Chakval tumanida joylashgan Murid va Shorkot bazalarini nishonga olganini, ammo Pokiston harbiy-havo kuchlari faoliyati barqaror ekanini maъlum qilgan.

Korpus generali Chaudriy Hindistonga zarur javob qaytarilishini aytdi.

Hozircha Hindiston armiyasi ushbu hujumga doir bayonot bergani yoʻq.

Hind matbuoti esa Pokiston poytaxti Islomobod yaqinidagi Ravalpindi va mamlakatning eng yirik shahri Lahorda portlashlar sodir boʻlganini iddao qilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Hindiston 22 aprelda Pahalgam mintaqasida 26 kishining oʻlimiga sabab boʻlgan terror hujumiga javob tariqasida 6 may kuni Pokiston hududi va Pokiston nazoratidagi Ozod Kashmirga raketa hujumlari uyushtirdi.

Hindiston armiyasi “terroristik tuzilma” deb taъriflagan 9 ta nishonni yoʻq qilganini bildirdi. Pokiston esa, aksincha, hujumda fuqarolarga tegishli 6 obъekt urilgani, 33 kishi halok boʻlgani va 62 kishi yaralanganini maъlum qildi.

Pokiston armiyasiga koʻra, hujum paytida Hindistonning 5 ta jangovor samolyoti urib tushirilgan. Ammo Hindiston buni tasdiqlamagan.

Mavzuga aloqador