Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp oʻrtasida telefon orqali muhim muloqot boʻlib oʻtdi. Suhbat davomida ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash, Ukraina mojarosini hal qilish va strategik hamkorlik masalalari muhokama qilindi.


Prezidentlar suhbatida birinchi boʻlib koʻtarilgan masala — Ukrainaning energetika va infratuzilma obъektlariga hujumlarni toʻxtatish tashabbusi boʻldi. Oq uy rahbari Putinga 30 kunlik sulh joriy etish taklifini ilgari surdi. Kreml tomoni esa bu tashabbusga ijobiy munosabat bildirib, rus harbiylariga zarur buyruq berilganini maъlum qildi.


Bundan tashqari, Putin majburiy safarbarlikni toʻxtatish va Ukraina Qurolli Kuchlariga qurol etkazib berishni cheklash masalalarini ham koʻtardi. Har ikki davlat mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish maqsadida Rossiya va AQSh mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tuzishga kelishib oldi.


Sulh tashabbusi doirasida Putin Rossiyada davolanayotgan 23 nafar ogʻir jarohat olgan ukrainalik harbiy xizmatchini Kievga topshirishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, 19 mart kuni Rossiya va Ukraina oʻrtasida 175 kishiga 175 nafar mahbus almashinuvi amalga oshirilishi maъlum qilindi.


Prezidentlar Qora dengiz hududida harbiy harakatlarni toʻxtatish boʻyicha ham muzokaralarni boshlashga kelishib oldilar. Shuningdek, Putin va Tramp Yaqin Sharq mintaqasida strategik qurollarni tarqatmaslik choralarini muhokama qilib, ayniqsa, Eronning Isroilga tahdid solishiga yoʻl qoʻymaslik borasida yakdil fikr bildirdilar.

Mavzuga aloqador