Putin mart oyida Kursk viloyatidagi harbiy qoʻmondonlik punktiga tashrif buyurib, Rossiya armiyasining ushbu hududda nazoratni qayta tiklaganini maъlum qildi. U oʻtgan yilning 6 avgust kuni boshlangan Ukraina hujumidan soʻng bu hududga ilk bor tashrif buyurdi va harbiy rahbariyat bilan yigʻilish oʻtkazdi.

Rossiya armiyasi keng koʻlamli hujumga oʻtib, Ukraina kuchlari egallagan hududlarni qaytarib oldi. Sudja shahri – Ukraina uchun muhim strategik markaz edi. Biroq, hozir u Rossiya qoʻshinlari nazoratiga oʻtgan. Putin Kursk viloyatida Ukraina qoʻshinlari “toʻliq qamalda” qolganini aytib, ularga taslim boʻlish yoki halok boʻlish tanlovini qoldirgan.

Shuningdek, Putin: “Bizning asosiy vazifamiz – dushmanni imkon qadar tezroq tor-mor etish va Kursk viloyati hududida olib borayotgan harbiy harakatlarini toʻxtatishdir. Viloyatdagi vaziyat hozir toʻliq nazoratimiz ostida”, – deya taъkidlab, butun viloyatni yaqin orada egallashga ishonch bildirgan.

2024 yil 6 avgust kuni Ukraina qoʻshinlari Kursk viloyatiga hujum qilib, Rossiya mudofaasini yorib oʻtdi. Ular 1300 kvadrat kilometr hududni egallab, mustahkam mudofaa chizigʻini qurishga muvaffaq boʻlgan edi.

Ammo yanvarь oyiga kelib, vaziyat keskin oʻzgardi. Rossiya Kursk yoʻnalishiga katta kuchlarni safarbar etdi va shu yilning 8 martiga kelib, qarshi kuchlarni orqaga chekinishga majbur qildi. Mart oyining oʻrtalariga kelib esa, Ukraina armiyasi Kursk viloyati boʻylab oʻzi egallab turgan 1300 kvadrat kilometr hududning atigi 80 kvadrat kilometrinigina saqlab qolishga muvaffaq boʻldi.

Mavzuga aloqador