Ukraina boʻylab rossiyalik dronlar va raketalar tomonidan amalga oshirilgan kechagi hujumlar oqibatida kamida 12 kishi halok boʻldi, oʻnlab odam jarohat oldi. Bu haqda mahalliy hokimiyatlar maъlum qildi.

Ukraina harbiy-havo kuchlarining xabar berishicha, shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:40 dan (Grinvich vaqti bilan 17:40) boshlab Rossiya turli turdagi 367 ta raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari bilan hujum qilgan.

Ukraina harbiylari maъlumotiga koʻra, 45 ta qanotli raketa yiqitilgan, 266 ta dron esa neytrallashtirilgan. Bu hujum urush boshlanganidan beri ukrain shaharlariga qilingan eng yirik havo hujumi sifatida qayd etilgan.

Ukraina ichki ishlar vaziri Igorь Klimenko maъlum qilishicha, yakshanba soat 10:00 ga kelib ommaviy hujumlar natijasida 12 kishi halok boʻlgan, 60 dan ortiq kishi jarohat olgan.

Ukraina Favqulodda holatlar xizmati (GSChS) maъlumotiga koʻra, Jitomir shahrida 8, 12 va 17 yoshli uch nafar bola halok boʻlgan, Nikolaevda esa 77 yoshli erkak vafot etgan.

«Har bir shunday qoʻporuvchilik hujumi — Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalar uchun etarli asos, — deb yozdi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy oʻzining telegram-kanalida. — Rossiya bu urushni choʻzmoqda va har kuni odam oʻldirishni davom ettirmoqda. Dunyo dam olish kunlariga chiqqanida ham urush toʻxtamayapti. Bu holatga koʻz yummaslik kerak. Amerika va boshqalarning sukuti Putinni yanada ragʻbatlantiryapti».

Zelenskiy yana bir bor gʻarb davlatlarini Rossiyaga nisbatan sanktsion bosimni kuchaytirishga chaqirdi. «Dunyo Rossiya iqtisodiyotining barcha zaif jihatlarini biladi, — deb yozdi u. — Urushni toʻxtatish mumkin, ammo faqat Rossiyaga kerakli darajada bosim oʻtkazish bilan. Putin raketalar uchirish haqida emas, urushni tugatish haqida oʻylashga majbur boʻlishi kerak».

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga esa X ijtimoiy tarmogʻida shunday yozdi: «Butun dunyo oʻldirishlarni toʻxtatishga chaqirib turganda, Putin yanada koʻproq zarbalar, hujumlar va bolalar oʻlimiga buyruq beradi. Bu esa tinchlik sari harakatda toʻliq, shartsiz va uzoq muddatli oʻt ochishni toʻxtatish zarurligini yana bir bor koʻrsatmoqda. Dunyo Rossiyaga bosim oʻtkazib, uni bunga koʻndirish va oʻldirishlarni darhol toʻxtatishga majbur qilishi shart».

Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi eъlon qilgan bayonotga koʻra, Ukraina Rossiyaning sakkizta mintaqasiga dronlar bilan hujum qilgan.

Moskva vaqti bilan soat 00:00 dan 07:00 gacha 110 ta ukrain droni urib tushirilgan yoki toʻsib qolingan, ulardan 13 tasi Moskva atrofida.

Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxt tomon yoʻnalgan 12 ta dron yoʻldayoq urib tushiriilganini aytdi. Uning qoʻshimcha qilishicha, dron parchalari keltirgan zararni baholash uchun favqulodda xizmatlar yoʻllangan.

Moskvadan janubda joylashgan Tula viloyatida esa dron parchalari turarjoy hovlisiga tushib, bir necha xonadondagi oynalar singan. Bu haqda gubernator Dmitriy Milyaev xabar berdi. Unga koʻra, jabrlanganlar yoʻq.

Mavzuga aloqador