Rossiyada musulmon diniy arboblari va akademik doira vakillari 2037 yilgacha amal qiladigan Islomiy taъlim strategiyasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Rossiya Musulmonlar diniy idorasi rahbari, muftiy Albir Krganov maъlum qildi.


Uning taъkidlashicha, hozirda ushbu hujjatga yakuniy oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. 


“Biz Tatariston Musulmonlari diniy boshqarmasi bilan hamkorlikda xalqaro va ichki loyihalarni yoʻlga qoʻyish taraddudidamiz. Jumladan, Tatariston muftiyati, Bolgar Islom akademiyasi, Rossiya Islom universiteti rektori va Islomiy taъlim boʻyicha kengash raisi Rafiq Muxametshin bilan birgalikda 2037 yilgacha moʻljallangan keng qamrovli Islomiy taъlim strategiyasini muhokama qilyapmiz”, degan u.


Mazkur strategiya diniy taъlimni rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, unda yoshlar bilan ishlash, raqamlashtirish va boshqa zamonaviy yoʻnalishlar boʻyicha alohida boʻlimlar mavjud.


Tatariston muftiysi Kamil Samigullinning aytishicha, hududda uchta musulmon umumtaъlim maktabi, bolalar va kattalar uchun moʻljallangan 700 ga yaqin masjid qoshidagi kurslar, sakkizta professional darajadagi madrasa, shuningdek, Rossiya Islom instituti, Qozon Islom universiteti va Bolgar Islom akademiyasi faoliyat yuritmoqda.


Bunday tizim diniy bilimlarni boshlangʻich darajadan to akademik tayyorgarlikkacha boʻlgan barcha bosqichlarda egallash imkonini beradi.

Mavzuga aloqador