Serbiya bosh vaziri isteʻʻfoga chiqishini eʻʻlon qildi
Serbiya bosh vaziri Milosh Vuchevich mamlakatda davom etayotgan hukumatga qarshi namoyishlar fonida isteʻʻfoga chiqishini maʻʻlum qildi. Bu haqda u Belgraddagi matbuot anjumanida eʻʻlon qildi.
Vuchevichning isteʻʻfoga chiqish qarori 1 noyabrʻ kuni Novi Sad shahridagi temir yoʻl vokzali hududida beton soyabon qulashi oqibatida 15 kishi halok boʻlgani ortidan boshlangan namoyishlar kuchaygan paytda qabul qilindi.
Bosh vazir mamlakatdagi keskinlikni yumshatish maqsadida muloqotga chaqirdi va tinchlikni saqlash muhimligini taʻʻkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, prezident Aleksandr Vuchich bilan uzoq uchrashuvdan soʻng ushbu qarorga kelgan.
"Siyosatchilar oʻz masʻʻuliyatini anglab, jamiyatdagi keskinlikni kamaytirishga tayyor boʻlishi kerak", — dedi Vuchevich.
Unga koʻra, Novi Saddagi fojea hukumat nufuziga soya tushirgan. Voqeadan soʻng ikki vazir isteʻʻfoga chiqdi, talabalar eʻʻtirozlarini inobatga olish uchun choralar koʻrildi. Ammo vaziyat yanada keskinlashib, talabalar darslarni boykot qilishda davom etgan.
Yangi holat sifatida Vuchevich Novi Sadda namoyishchilarga hujum qilingani va bir talabaning ogʻir yaralangani haqida xabar olganini maʻʻlum qildi. U hujum uyushturganlarning jazolanishini vaʻʻda qildi va shu voqeadan soʻng isteʻʻfoga chiqishga qaror qilganini bildirdi.
Shuningdek, Novi Sad meri Milan Djurich ham lavozimini tark etishi maʻʻlum qilindi.
Serbiyada 1 noyabrʻ voqeasi ortidan minglab fuqarolar hukumatga qarshi namoyishlar oʻtkazmoqda. Talabalar esa qurilish va taʻʻmirlash ishlariga oid barcha hujjatlarni eʻʻlon qilish, voqea uchun javobgar shaxslarni jazolash va namoyishlarda hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qilmoqda.
Prezident Aleksandr Vuchich talabalarning talablarini tinglashga tayyor ekanini bildirib, hukumatni qayta shakllantirish zarurligini taʻʻkidladi. U vazirlar mahkamasining yarmidan koʻprogʻi oʻzgarishi mumkinligini ishora qildi.
Parlament spikeri Ana Brnabich esa parlamentda hukumatga ishonch votumi masalasini koʻrib chiqishni taklif qildi.
Fojeadan soʻng qurilish, transport va infratuzilma vaziri Goran Vesich hamda ichki va tashqi savdo vaziri Tomislav Momirovich isteʻʻfoga chiqdi. Keyinchalik tergov natijasida 11 kishi, jumladan, sobiq vazir Vesich ham hibsga olindi.













