Shveytsariyada burqa va niqob taqish taqiqlandi
1 yanvardan boshlab Shveytsariya jamoat joylarida burqa va niqob taqishni taqiqladi. Qonunbuzarlarga ming frankgacha jarima belgilangan.
Shveytsariyada jamoat joylarida yuzni toʻliq yopadigan burqa yoki niqob taqish taqiqlandi. Bu qonun 2024 yilda oʻtkazilgan umumxalq referendumi natijasida kuchga kirgan. SwissInfo nashrining xabar berishicha, mamlakat bu qoida bilan Frantsiya, Avstriya, Belʻgiya, Daniya kabi Evropa davlatlari qatoriga qoʻshildi.
Yuzni yopgan holda qonunbuzarlik qilgan shaxslarga 1000 Shveytsariya frankigacha (1144 AQSh dollari) jarima belgilangan.
Taqiq samolyotlar, diplomatik muassasalar, ziyoratgohlar va boshqa muqaddas joylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ibodat va muqaddas joylarda yuzni yopishga ruxsat beriladi.
Sogʻliqni saqlash, xavfsizlik, ob-havo yoki mahalliy anʻʻanalarga muvofiq yuzni yopish mumkin.
Badiiy va koʻngilochar tadbirlar, shuningdek, reklama maqsadlarida ham yuzni yopishga ruxsat etilgan.
Fikr bildirish yoki yigʻilish erkinligini taʻʻminlash zarurati tugʻilgan taqdirda, davlat organining oldindan ruxsatnomasi bilan yuzni yopish mumkin. Bunday holatlar jamoat xavfsizligiga tahdid solmasligi lozim.
Shveytsariya bu kabi taqiqni joriy etgan beshinchi Evropa davlati hisoblanadi. Qonun tarafdorlari bu chorani jamoat xavfsizligi va milliy anʻʻanalarni himoya qilish uchun zarur deb hisoblaydilar, ammo uning muxoliflari fikricha, bu shaxsiy erkinliklarga cheklov qoʻyish deb baholanadi.
Shveytsariyada yangi qonun boʻyicha koʻrsatmalar amaliyotda qanday tatbiq etilishi borasida bahs-munozaralar davom etmoqda.













