Tramp Qatarda nima qildi: milliardlik bitimlar, shahona hayot va AQSh prezidenti oilasining shaxsiy manfaatlari
Yaqin Sharq boʻyicha rasmiy safarining ikkinchi kunida prezident Donalьd Tramp Qatar hukumati bilan hamkorlik deklaratsiyasi va bir qancha kelishuvlarni imzoladi. Mutaxassislar taъkidlashicha, Tramp Qatarga safar qilgan paytda, Trump Organization kompaniyasi aynan shu mamlakatda oʻz biznesini kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishgan.
Qatar amiri Tamim ibn Hamad Ol Soni qoʻshma bayonot chogʻida muzokaralar mazmunli kechganini bildirib, tomonlar Yaqin Sharqdagi vaziyat hamda boshqa koʻplab masalalarni muhokama qilishga ulgurganini aytdi.
Amirning taъkidlashicha, Qatar va AQSh oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqishi kutilmoqda.
Oʻz navbatida Tramp: «Juda qiziq bir necha soat oʻtkazdik. Biz butun dunyo, jumladan Rossiya, Ukraina va Eron haqida suhbatlashdik», dedi.
Trampning Qatar rahbariyati bilan uchrashuvi seyshanba kuni Saudiya Arabistonidagi bir yarim kunlik tashrifiga nisbatan ancha qisqa boʻldi.
Uning kompaniyasi Qatar va BAAda golf maydonlari hamda shahona villalar qurishni rejalashtirmoqda.
2025 yil aprelь oyida esa kompaniya Dubay markazida 80 qavatli “Trump International Hotel & Tower” — mintaqadagi birinchi bunday miqyosli mehmonxona qurilishini eъlon qildi.
Ayni paytda Tramp oilaviy biznesni boshqarmaydi. 20 yanvarь kuni prezidentlikka ikkinchi muddatga qaytgach, bu ishlarga uning farzandlari masъul boʻldi. Biroq mutaxassislarga koʻra, kompaniya prezident nomi bilan bogʻlangani uchun manfaatlar toʻqnashuvidan qochish qiyin.
Shuningdek, Tramp tomonidan AQSh Bosh prokurori lavozimiga tayinlangan Pem Bondi ilgari Qatar hukumati nomidan rasman lobbist sifatida roʻyxatdan oʻtgan edi.
Qatar sovgʻasi
Oxirgi kunlarda Donalьd Tramp Qatardan 400 million dollarlik prezidentlik samolyoti sovgʻasini qabul qilgani uchun tanqid ostida qolmoqda. AQSh protokoliga koʻra, amaldorlar 400 dollardan qimmat sovgʻalarni qabul qilolmaydi.
Tramp esa bunga shunday javob berdi: «Mening nuqtai nazarim shunday: nega sovgʻani qabul qilmasligim kerak? Biz boshqalarga sovgʻa beramiz. Men nega qabul qilmasligim kerak?».
Bu samolyot ommaviy axborot vositalarida “uchuvchi saroy” deb atalmoqda. CBS News xabariga koʻra, bu havo kemasi Tramp prezidentlik muddati tugagach, uning nomiga taъsis etiladigan prezident kutubxonasiga taqdim etiladi.
AQShda har bir sobiq prezident uchun shunday kutubxona tashkil etiladi. Unda prezidentlikka oid tarixiy yodgorliklar saqlanadi va odatda xususiy xayriyalar hisobiga quriladi.
Ekspertlarning fikricha, bunday qimmat sovgʻa hatto rasman prezidentga emas, balki maъmuriyatga taqdim etilsa-da, AQSh qonunlariga zid boʻlishi mumkin.
Maъlumotlarga koʻra, AQSh Adliya vazirligi samolyot sovgʻasiga nega yoʻl qoʻyilishi mumkinligini izohlovchi maxsus memorandum tayyorlagan, ammo hujjat hali ommaga eъlon qilinmagan.
Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitt ushbu kelishuvning qonuniyligi haqidagi savolga shunday javob berdi: «Yuridik jihatlari hali koʻrib chiqilmoqda, ammo hukumatga beriladigan har qanday xayriya amaldagi qonunlarga toʻliq mos holda amalga oshiriladi».













