Trampning inauguratsiyasi oldidan muhojirlar AQSh chegarasidan oʻtishga shoshilmoqda
Reuters axborot agentligi Meksika janubidagi muhojirlar karvonining suratlarini chop etdi. Ularning aksariyati AQSh chegarasigacha 1500 km yoʻl bosishi kerak boʻladi.
Karvonda qatnashuvchi muhojirlarning koʻpchiligi Lotin Amerikasi davlatlaridan kelgan. Ular orasida Venesueladan chiqib ketganlar ham bor. Ular mamlakatdagi siyosiy beqarorlik va Nikolas Maduro hukumatiga qarshi norozilik tufayli yangi hayot izlashga majbur boʻlganlarini aytishmoqda.
Farzandlari bilan safar qilayotgan muhojir ayol AQShning yangi prezidenti Donald Trampga murojaat qildi.
“Biz yangi prezidentdan chegaralar yopilmasdan avval bizga oʻtishimizga ruxsat berishini soʻraymiz. Biz orzularimizning va farzandlarimiz kelajagining barbod boʻlishini istamaymiz”, dedi ayol.
Donald Tramp oʻz saylovoldi kampaniyasi davomida qattiq immigratsiya siyosati olib borishga vaʻʻda bergan edi.
“Oval kabinetdagi birinchi kunimda men chegaralarni noqonuniy muhojirlar uchun yopish va mamlakatimizga bostirib kirishlarni toʻxtatish boʻyicha qator tarixiy buyruqlarni imzolayman”, degan u bayonotida.
Bu siyosat noqonuniy ravishda chegarani kesib oʻtuvchilarning qamoqqa olinishi yoki deportatsiya qilinishini anglatadi. Shuningdek, Tramp Meksikaga bosim oʻtkazib, chegara xavfsizligini taʻʻminlashga majburlamoqda. Agar bu amalga oshmasa, u Meksika tovarlariga jazo bojlari joriy etish bilan tahdid qilmoqda.













