Ukrainaga qarshi jang qilgan oʻzbekistonlik 5 yil shartli ozodlikdan mahrum qilindi
Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tuman sudi Ukrainaga qarshi Rossiya tomonida urushgan 22 yoshli Oʻzbekiston fuqarosini shartli 5 yil ozodlikdan mahrum etish toʻgʻrisida qaror chiqardi. Sud hukmida uning ogʻir moliyaviy ahvoli va onasining saraton kasalligi sababli bunday qaror qabul qilgani taʻʻkidlangan.
Sudlanuvchi aybiga toʻliq iqror boʻlib, moddiy ahvolini yaxshilash va Rossiya fuqaroligini olish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzganini tan oldi. U 2023 yil oktyabridan boshlab Ukrainadagi Lugansk va Donetsk hududlarida jangovar harakatlarda ishtirok etgan va harbiy xizmat uchun medalʻ va Rossiya fuqaroligini olgan.
Sud uni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi boʻyicha aybdor deb topdi. Jazoni engillashtirish uchun uning qilmishidan pushaymonligi va ogʻir oilaviy ahvoli inobatga olindi. Sud qarorga muvofiq, mahkum shartli ravishda ozodlikdan mahrum etildi va unga bir qator cheklovlar qoʻyildi, jumladan:
har oy IIBda roʻyxatdan oʻtish;
soat 21:00 dan 07:00 gacha uyda boʻlish;
koʻngilochar joylarda boʻlmaslik.
Avvalroq, Oʻzbekistonda shunga oʻxshash ishda Rossiya armiyasi safida jang qilgan boshqa fuqaroga nisbatan ham jazo tayinlangan edi. Urushda 10 dan ortiq ukrainalik askarni oʻldirganini tan olgan mahkum 4 yil 2 oy ozodlikdan cheklangan.













