Venesuela Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodrigesning maъlum qilishicha, AQSh deportatsiya qilishni rejalashtirayotgan venesuelalik muhojirlarni qabul qilish uchun mamlakat barcha zarur tayyorgarlikni yakunlagan. Biroq, AQSh tomoni bu jarayonga zaruriy yordamni koʻrsatmayapti.


Karakasdagi prezidentlik saroyida soʻzga chiqqan Rodriges AQSh Davlat departamentini repatriatsiya reyslarini bloklashda va jarayonga sunъiy toʻsiqlar yaratishda aybladi.


"Biz toʻliq tayyormiz, faqat kerakli koordinatsiyani taъminlash qolgan", dedi u.


Rodriges, shuningdek, AQSh tomonidan Salvadordagi maxsus turmaga joylashtirilgan venesuelalik muhojirlar masalasiga ham toʻxtaldi. Ushbu shaxslar jinoyatchi guruhlar bilan aloqada boʻlganlikda ayblanmoqda. 


Uning soʻzlariga koʻra, Venesuela hukumati allaqachon etakchi amerikalik migratsiya huquqi boʻyicha yuridik firmalarga murojaat qilib, hibsga olinganlarning huquqiy himoyasini taъminlash boʻyicha ish olib bormoqda.


"Biz ularning ozod etilishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz", deya vaъda berdi Rodriges. Bundan tashqari, u Salvador hukumatini keskin tanqid qilib, quyidagicha bayonot berdi:


"Qanday qilib prezident Nayib Bukele hech qanday jinoyat sodir etmagan yoshlarni AQSh yoki Venesueladan aybsiz holda olib kelinishiga yoʻl qoʻyib, buning evaziga pul talab qilishi mumkin?"


Bunga qadar Donald Tramp administratsiyasi venesuelalik jinoyatchi guruh "Tren de Aragua"ga aloqador deb gumon qilingan muhojirlarni deportatsiya qilish jarayonini tezlashtirish uchun favqulodda vakolatlardan foydalangan edi. Vashington ushbu guruhni "xorijiy terroristik tashkilot" deb eъlon qilgan.


Garchi federal sud deportatsiyalarni vaqtincha toʻxtatish toʻgʻrisida qaror chiqargan boʻlsa-da, AQSh hukumati yuzlab noqonuniy muhojirlarni Salvadorga joʻnatdi.

Mavzuga aloqador