AQSh prezidenti Donalьd Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy oʻrtasidagi uchrashuv kutilganidek oson kechmadi. Uchrashuv davomida Zelenskiy Trampning Ukraina mojarosiga oid fikrlariga javob qaytardi.

Zelenskiy Trampning «urushda insonlar halok boʻlmoqda», degan soʻzlariga javoban: «Bu urushni Ukraina boshlagani yoʻq. Ular (Rossiya) bizga hujum qildi, ular bizga keldi, ular toʻxtashi kerak», — dedi.

Tramp esa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi notoʻgʻri yoʻnalishda ketayapti, deb taъkidlab, «bu uchinchi jahon urushiga olib borishi mumkin» dedi. U Ukraina tinchlik uchun murosaga borishi kerakligini aytdi, zero «har qanday kelishuv murosasiz boʻlmaydi».

Evropaning yordami borasidagi tortishuv

Uchrashuv davomida Evropa davlatlarining Ukrainaga koʻrsatgan yordami borasida ham tortishuv yuzaga keldi. Zelenskiy Evropaning Ukrainaga katta koʻmak berganini taъkidladi, Tramp esa AQShga nisbatan kamroq yordam berilganini aytdi. Bu tortishuv quyidagi muloqot bilan yakunlandi:

Zelenskiy: «Evropa haqiqatan ham yordam berdi...» 

Tramp: «Rostdanmi? Ular kamroq yordam bergan».

Zelenskiy: «Yoʻq».

Tramp: «Kamroq».

Zelenskiy: «Yoʻq»

Tramp: «Xoʻp» (qoʻli bilan harakat qildi).

Zelenskiy AQShdan mudofaa kafolatlarini talab qildi

Zelenskiy tinchlik oʻrnatish uchun kafolatlar kerakligini va Rossiya bu kafolatlarsiz yana hujum qilishini taъkidladi. «Rossiya 25 marta oʻt ochishni toʻxtatish shartlarini buzgan. Putin ukrainaliklarni nafrat bilan qabul qiladi va Ukraina millat sifatida mavjud emas deb hisoblaydi», — dedi u.

Zelenskiy uchrashuvni muddatidan oldin tark etdi

Tramp va Zelenskiy oʻrtasidagi kelishmovchilik sababli ularning matbuot anjumani bekor qilindi. Zelenskiy Oval kabinetni muddatidan avval tark etgani haqida «Reuters» agentligi xabar berdi.

Tramp: «Zelenskiy tinchlikka tayyor emas»

Uchrashuvdan soʻng Tramp Zelenskiyning Oq uyda oʻzini notoʻgʻri tutganini va AQShga nisbatan hurmatsizlik qilganini aytdi. «U bizning ishtirokimiz unga muzokaralarda ustunlik beryapti, deb oʻylayapti. Menga ustunlik kerak emas, menga tinchlik kerak», — dedi u.

Tanqid va oqibatlar

Trampning Zelenskiyga munosabati turli mulohazalarga sabab boʻldi. Ilon Mask bu voqea Zelenskiyni AQSh xalqining koʻz oʻngida yoʻq qilganini aytdi. Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev esa Trampning Zelenskiyga «haqiqiy taъlimot» berganini taъkidlab, «bu etarli emas, Ukrainaga harbiy yordamni toʻxtatish kerak», — dedi.

Shuningdek, AQSh va Ukraina oʻrtasida qimmatbaho metallar boʻyicha imzolanishi kutilayotgan bitim ham bekor qilingani haqida «Fox News» xabar berdi.

Mavzuga aloqador