Kuni kecha, 26 dekabrʻ kuni Fargʻona viloyatidagi  umumtaʻʻlim muassasalari rahbarlariga yuborilgan "topshiriq"da maktab oʻquvchilarining juma namoziga chiqishi "jiddiy masala"ga aylangani, masjidga chiqqan oʻquvchilarning ota-onalari va oʻqituvchilariga chora koʻrilishi qayd etilgan. Maktablarning ijtimoiy tarmoqdagi guruhlariga direktor oʻrinbosarlari tomonidan quyidagi mazmundagi "ogohlantirish xat"i yuborilgan: 

"Hurmatli sinf rahbarlari, hozir milliy gvardiya va xavfsizlik xodimlari yigʻilish oʻtkazdi. Ertaga masjidlardagi juma namozi tekshiriladi.

Qaysi oʻquvchi namoz paytida videoga tushib qolsa, uning ota-onasiga, ushbu voqea dars paytida sodir boʻlsa, fan oʻqituvchisiga chora koʻriladi. "Sinf soati"da oʻquvchilaringizni ogohlantirib qoʻying! Ushbu masala oʻta jiddiy: ehtiyot boʻlishsin!

Bu xabarni sinf guruhlari orqali ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga ham etkazing", deyiladi postda.

Koʻrinib turibdiki, taʻʻlim dargohlarida sifatli taʻʻlim berish masalasi qolib, oʻquvchilarning roʻmoli bilan oʻralashib qolayotgan oʻqituvchilarga yana bir "vazifa" yuklangan. Bu ham boʻlsa oʻquvchilarning nafaqat dars paytida, balki boʻsh vaqtida ham masjidga borishiga yoʻl qoʻymaslik. 

Oʻquvchilar uchun bu kabi qoidalar nima uchun ishlab chiqilayotgani esa har doimgidek mavhum. Goʻyoki, masjidga borgan, birovning haqiga xiyonat qilmaslikni, odob-axloq va yaxshilikni oʻrgangan oʻquvchilar kelgusida mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻshmaydigandek tuyulmoqda... Aslida, korruptsiya botqogʻiga botib borayotgan, buning ortidan har qishda aholini oʻz puliga boʻlsa ham gaz bilan taʻʻminlashni eplolmayotgan amaldorlar bir paytlari ateistik ruhda taʻʻlim olgan oʻquvchilar emasmidi? Korruptsionerlarga oʻz vaqtida islomiy ruhda, milliy qadriyatlarimizga muvofiq tarbiya berilganida, ular faqat oʻz "jigʻildon"larini emas, xalq dardini ham oʻylaydigan mutaxassislar boʻlib etishmasmidi? Yuqoridan topshiriq berayotganlar oʻziga bu kabi savollarni biror marta boʻlsa ham berib koʻrarmikan? 

Oʻzbekistondagi mavjud vaziyat 2017 yildan keyin dindorlarga berilgan biroz erkinlikning ham yana boʻgʻilayotganidan darak beradi. Maʻʻlumotlarni oʻrganib 2016 yilda "Ozodlik"ning Andijon shahridagi 30-umumiy oʻrta taʻʻlim maktabidagi oʻquvchilarning ota-onalaridan yozgi taʻʻtil vaqtida bolalarini masjidga yubormaslik toʻgʻrisida kafolat xatlari yozdirib olingani haqidagi xabarga koʻzim tushdi. Ayni paytda paydo boʻlayotgan xabarlar mamlakatda eʻʻtiqod erkinligi holati yana yomonlashayotganidan dalolat beradi.

Bugun yoshlarning diniy taʻʻlim olishini cheklash, ularni hatto masjidlarga ham borishini taqiqlab, oʻz qadriyatlaridan ayro tarzda ulgʻaytirishimiz ertaga qanday oqibatlarga olib kelishini oʻylab koʻrishimiz kerak.

Mavzuga aloqador