Netanyaxuning asosiy maqsadi Suriyani tizimli ravishda zaiflashtirish va parchalash, uni Isroil nazorati ostida qoldirib, markaziy hukumatdan mahrum etish hamda mazhablararo mojarolar girdobiga tashlashdan iborat koʻrinadi. "Boshqariladigan tartibsizlik" muhiti Suriyaning oʻn yildan ortiq davom etgan urushdan soʻng tiklanishiga toʻsqinlik qiladi, uni barbod boʻlgan davlatga aylantiradi va yangi Suriyadan kelib chiqishi mumkin boʻlgan har qanday tahdidni kamaytirish bahonasida Isroilni kuchaytiradi. Ibn Xaldun gumanitar va ijtimoiy fanlar markazida ilmiy tadqiqot boʻyicha yordamchi professor Ali Bakir maqolasidan.

 

 

Yaqinda Isroilda oʻtkazilgan harbiy marosimda bosh vazir Binyamin Netanyaxu Suriyaning yangi hukumati haqida keskin bayonot berib, Asad rejimi agʻdarilganidan buyon oʻz davlatining strategiyasini izohlab berdi.

 

Uning nutqida uchta asosiy jihat taъkidlandi. Birinchidan, Netanyaxu Isroil Suriyaning yangi hukumatiga Damashq janubida harbiy kuchlarni joylashtirish imkonini bermasligini aytdi va bu hududni - xususan, Qunaytra, Dara va Suvayda viloyatlarini "toʻliq qurolsizlantirish"ga chaqirdi.

 

Ikkinchidan, Netanyaxu Isroilni ozchilik druzlar jamoasining himoyachisi sifatida koʻrsatdi. Bu mudofaa vaziri Isroil Katsning Suriya janubidagi "doʻstona aholi" bilan aloqalarni mustahkamlash haqidagi soʻnggi bayonotlariga mos keladi.

 

Uchinchidan, Netanyaxu Isroilning Suriya erlarini bosib olishga sodiqligini yana bir bor taъkidlab, Isroil qoʻshinlari bufer zonada va Xermon togʻi hududida "nomuayyan muddatga" qolishini qayd etdi.

 

Bu pozitsiya Isroilning, ayniqsa Joʻlan tepaliklarida, hududiy kengayish va bosqinchilik siyosatini davom ettirishini tasdiqlaydi.

 

Netanyaxuning asosiy maqsadi Suriyani tizimli ravishda zaiflashtirish va parchalash, uni Isroil nazorati ostida qoldirib, markaziy hukumatdan mahrum etish hamda mazhablararo mojarolar girdobiga tashlashdan iborat koʻrinadi.

 

"Boshqariladigan tartibsizlik" muhiti Suriyaning oʻn yildan ortiq davom etgan urushdan soʻng tiklanishiga toʻsqinlik qiladi, uni barbod boʻlgan davlatga aylantiradi va yangi Suriyadan kelib chiqishi mumkin boʻlgan har qanday tahdidni kamaytirish bahonasida Isroilni kuchaytiradi.

 

Suriyani parchalash

 

Bu yondashuv yangilik emas. U davlat tashkil topganidan beri Isroil siyosatining doimiy unsuri boʻlib, turli vaziyatlar va mintaqalarda, jumladan Livanda qoʻllanilgan.

 

Damashq janubidagi hududni qurolsizlantirish Suriya hukumatining hokimiyatini zaiflashtirib, davlat nazoratini susaytirishi mumkin. Bu esa Isroil qoʻllab-quvvatlaydigan va "davlat ichida davlat" qurishga intiladigan mahalliy harbiy guruhlarning shakllanishiga yoʻl ochishi mumkin.

 

Isroil strategiyasi, shuningdek, Suriya shimolida yashovchi boshqa ozchilik guruhlarini markaziy hukumatga qarshi chiqishga undash va shu tariqa mamlakatni, hatto amalda boʻlsa ham, parchalashga qaratilgan.

 

Druz jamoasining aniq tilga olinishi Isroilning "ozchiliklar ittifoqi" doktrinasini aks ettiradi. Bu doktrina mintaqadagi ozchilik guruhlar bilan sunniy koʻpchilikka qarshi ittifoq tuzishga intiladi. Ushbu boʻlib tashlash va boshqarish siyosati adovat, shubha va sektachilikni kuchaytiradi, ozchiliklardan koʻpchilikning zoʻravon javobini qoʻzgʻatish uchun vosita sifatida foydalanadi.

 

Ilgari Isroil bu strategiyani Livanda xristian va shia jamoalari bilan hamkorlikda qoʻllagan edi. Endi u Suriyadagi druzlar, kurdlar va alaviylar bilan ham shunday qilishga urinmoqda. Biroq, bu yondashuv vayronkor va samarasiz boʻlib, oxir-oqibatda ham ozchiliklarga, ham ularni boshqarishga intilayotganlarga zarar etkazadi.

 

Netanyaxuning Suriya janubini qurolsizlantirish talabi va Isroilning Suriya harbiy obъektlariga havo hujumlarini kuchaytirishiga Gʻarb davlatlari va keng xalqaro hamjamiyat tomonidan hech qanday munosabat bildirilmadi. Reaktsiyaning yoʻqligi Netanyaxu tomonidan bunday siyosatni davom ettirish uchun ruxsat sifatida qabul qilinmoqda.

 

Isroilning tahdidli va tajovuzkor harakatlari Suriyaning yangi hukumatidan koʻp qirrali javobni keltirib chiqardi. Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharъ bir qator muhim omillar taъsirida vazminlik va qarshilik koʻrsatish muvozanatini saqladi. Bu omillarga Suriyaning zaif harbiy, iqtisodiy va siyosiy ahvoli; rahbar sifatida qonuniylikni saqlab qolish va davlat nazoratini Suriyaning barcha hududlariga yoyish zarurati hamda mamlakatni qayta qurish jarayoni kiradi.

 

Ramziy qarshilik

 

Oʻtgan oy oxirida Suriya Milliy muloqot konferentsiyasining bayonoti har qanday hududiy yon berishlarni rad etdi. Bu Isroilga ham, Sharъning ichki auditoriyasiga ham Netanyaxuning qurolsizlanish talabiga boʻysunmasligini koʻrsatdi. Bayonotda Isroilning Suriyadan "zudlik bilan va soʻzsiz chiqib ketishi" talab qilindi. Bu ramziy qarshilik harakati Ahmad ash-Sharъ hokimiyatini darhol toʻqnashuv xavfini tugʻdirmagan holda mustahkamladi.

 

26 fevralь kuni Sharъ Iordaniyaga tashrif buyurib, qirol Abdulloh II bilan uchrashdi. Qirol Ammanning Suriya suverenitetini qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor taъkidladi va Isroilning bostirib kirishini qoraladi. Sharъning hokimiyatni qoʻlga kiritganidan keyingi uchinchi xorijiy safari boʻlgan bu tashrif Isroilning harakatlariga harbiy emas, balki diplomatik yoʻl bilan qarshi turish uchun mintaqaviy ittifoq tuzishga qaratilgan saъy-harakatlardan dalolat beradi. Ayniqsa, Iordaniya Suriyaning chegara barqarorligi borasidagi xavotirlarini baham koʻradi.

 

Sharъning vazmin javobi ichki bosimlarga ham javob boʻla oladi. Netanyaxuning soʻnggi bayonotiga qarshi Qunaytra, Dara va Suvaydadagi norozilik namoyishlari xalq gʻazabini aks ettirsa-da, Sharъ bu his-tuygʻularni Isroilga qarshi harakatlarga aylantirmadi, chunki mintaqaviy rejimlarning oldingi urinishlari yaxshi natija bermagan.

 

Sharъ buning oʻrniga Isroil provokatsiyalarini ogʻzaki qoralash, tinchlikka chaqiriq va diplomatik muzokaralar bilan javob berdi, Suriyaning oʻz hududiga boʻlgan huquqini taъkidlab, vaziyatni keskinlashtirmaslikka harakat qildi. Uning 1974 yildagi oʻt ochishni toʻxtatish kelishuviga sodiq qolish haqidagi avvalgi vaъdasi ana shu yondashuvni aks ettiradi.

 

Biroq bu Sharъga mintaqaviy va xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlash keltirishi mumkin boʻlsa-da, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda uning ichki obroʻsiga putur etkazishi va bu Isroilni toʻxtatish uchun etarli boʻlmasligi mumkin.

 

Tarixan Isroil tinchlikka chaqiriqlarni zaiflik belgisi deb, oʻzining keng hududiy daъvolarini agressiv tarzda amalga oshirish imkoniyati sifatida talqin qilgan.

 

Kollektiv harakat

 

Suriyadagi murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, Isroilning harakatlariga javoban jamoaviy choralar koʻrish lozim. Xalqaro hamjamiyat oʻz majburiyatlarini bajarishi va arab davlatlari birgalikda harakat qilishi kerak, chunki Isroil Suriyani barbod boʻlgan davlatga aylantirsa, ular jiddiy yoʻqotishlarga duch kelishi aniq.

 

Arab Ligasi, Iordaniya, Misr, Saudiya Arabistoni va Qatar kabi davlatlar Isroilni qattiq qoraladi. Eng muhimi, Suriyada katta manfaatlarga ega boʻlgan mintaqaviy kuch - Turkiya barqaror Damashqdan manfaatdor va Isroilning Suriyaga qarshi tajovuzidan koʻp narsa yoʻqotishi mumkin.

 

Ali Bakir, Ibn Xaldun gumanitar va ijtimoiy fanlar markazida ilmiy tadqiqot boʻyicha yordamchi professor

Mavzuga aloqador