“Haj – 2025” mavsumi qachondan boshlanadi?
Oʻzbekistondagi 2025 yilgi Haj mavsumi joriy yilning 13 may kunidan boshlanadi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining xabar berishicha, ushbu sanadan eъtiboran 28 mayga qadar har kuni Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Ziyoratchilar respublikaning 9 ta hududidagi – Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlaridagi aeroportlar orqali Madina shahriga toʻgʻridan toʻgʻri uchadi.
Aviaparvozlar 3 ta aviakompaniya tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Haj tadbirlarini tashkil etish boʻyicha tayyorgarlik ishlari ayni paytda ham jadal davom etayotganini maъlum qildi. Qayd etilishicha, barcha ziyoratchilar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan, emlash ishlari olib borilgan, guruh rahbarlari va shifokorlar biriktirilgan, safar oldidan amaliy mashgʻulotlar tashkil etilgan va barcha hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, har bir ziyoratchiga “Haj – buyuk ibodatdir” qoʻllanmasi, sumka, nimcha, termos, soyabon, SIM-karta va quvvatlagich beriladi.













