Ombudsman monitoringidan soʻng Andijondagi vaqtincha saqlash hibsxonasining 6 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralari koʻrilgan. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili matbuot xizmati xabar berdi.

Gap shundaki, ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Izboskan tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasidagi sharoitlarni oʻrganib, qator kamchiliklarni aniqlagan. Jumladan, hibsxonada sanitariya-gigiena va moddiy-texnik taъminotga oid jiddiy kamchiliklar, kanalizatsiya tizimi bilan bogʻliq muammolar borligi va ayrim mahbuslarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari qayd etilgan.

Ombudsman ushbu holatlar boʻyicha Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga kamchiliklarni bartaraf etish va shu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun tegishli choralar koʻrilishini soʻragan.

Ombudsmanga maъlum qilinishicha, monitoring yakunlariga koʻra 6 nafar xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Jumladan, vaqtincha saqlash hibsxonasi rahbari esa Ichki ishlar organlaridan boʻshatilgan.

Mavzuga aloqador