Soʻnggi paytlarda "Tashabbusli byudjet" loyihasi doirasida ovoz yigʻish jarayonlari atrofida koʻplab tortishuvlar kuzatilmoqda. Maъlumotlarga koʻra, xodimlarni majburiy ovoz berishga jalb qilish holatlari ayon boʻlmoqda.  

Andijon viloyati Baliqchi tumanida tibbiyot xodimlari ovoz yigʻishga majburlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Hamshiralar bemorlarning ahvolidan xabar olish oʻrniga, onlayn platformada ovoz toʻplash bilan band boʻlib qolgan. Shu bilan birga, maktab oʻquvchilarining dars paytida ovoz yigʻishga jalb etilgani aks etgan video tasvirlar ham tarmoqlarda tarqalgan.   

Chirchiq shahrida esa oʻqituvchilar ota-onalarni "Tashabbusli byudjet" uchun ovoz berishga majburlayotganiga oid audioyozuvlar paydo boʻldi. Toshkent viloyati taъlim boshqarmasi bu holatga munosabat bildirib, hech qanday bosim yoʻqligini taъkidlagan boʻlsa-da, oʻqituvchi oʻz rahbariyati tomonidan majburlanganini qayd etgan. Qizigʻi, buni "ixtiyoriy tashabbus" sifatida baholagan idoralar shu oʻqituvchiga intizomiy jazo chorasi qoʻllagan.  

Bu kabi holatlar "Tashabbusli byudjet" jarayonining haqiqiy mohiyatidan yiroqlashayotganidan dalolat beradi. Agar jarayon haqiqatdan ham shaffof va adolatli boʻlsa, nima uchun xodimlarga bosim oʻtkazilmoqda? Tibbiyot xodimlari oʻz vazifalaridan chalgʻitilib, oʻquvchilar taъlim jarayonidan uzilishi bu loyihaning maqsadiga mutlaqo zid emasmi? Savollar koʻp, javoblar esa, hamon mavhumligicha qolmoqda.

Mavzuga aloqador