Shavkat Mirziyoev 3 oy ichida AQSh fuqarolari uchun Oʻzbekistonga 30 kunlik vizasiz kirish rejimini joriy etish boʻyicha topshiriq berdi. Shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolari AQSh hududiga kirishi uchun viza talablarini engillashtirish yuzasidan muzokaralar boshlash buyurildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Tashqi ishlar vazirligiga 3 oy ichida AQSh fuqarolari uchun Oʻzbekistonga 30 kunlik vizasiz kirish rejimini joriy etish boʻyicha topshiriq berdi, deya xabar qilmoqda Gazeta.uz. Bu haqda davlat rahbarining 15 may kuni imzolagan farmonida soʻz boradi.

Farmonda, shuningdek, vazirlikka Oʻzbekiston fuqarolari AQSh hududiga kirishi uchun viza talablarini engillashtirish yuzasidan muzokaralar boshlash va uning natijalari boʻyicha takliflar kiritish topshirilgan.

Bundan tashqari, Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston fuqarolari uchun ichki hujjat yoki ID karta, shu jumladan, 16 yoshga toʻlmagan fuqarolarga «kinder pasport» bilan Oʻzbekistonga 30 kungacha kirish rejimi joriy etilishi kutilmoqda.

Oʻzbekistonda 2021 yildan boshlab 55 yoshga toʻlgan va 30 kungacha sayyohlik maqsadida kelayotgan AQSh (va bir qator boshqa mamlakatlar) fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilingan.

Avvalroq 1 iyundan Bahrayn, Kuvayt va Oʻmon fuqarolari uchun Oʻzbekistonda 30 kunlik vizasiz rejim amal qilishi xabar qilingandi.

Mavzuga aloqador