Oʻzbekiston Turkmaniston yuk mashinalari yigʻimlarini oshirdi, Eron uchun esa bekor qildi
2025 yildan Oʻzbekistonda xorijiy yuk tashuvchilari uchun yangi tariflar amalga kiritiladi. Turkmaniston yuk mashinalari uchun yigʻimlar oshirilgan boʻlsa, Eron transport vositalari uchun toʻlovlar bekor qilindi.
Oʻzbekiston Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunda 2025 yildan boshlab chet davlatlar yuk tashuvchilari uchun qoʻllaniladigan yigʻimlar stavkalari qayta koʻrib chiqildi. Bu oʻzgarishlar mamlakat hududiga kiruvchi hamda tranzit yoʻnalishida harakatlanuvchi transport vositalariga tegishli.
2025 yil 1 yanvardan boshlab Turkmanistonda roʻyxatdan oʻtgan yuk mashinalari uchun toʻlovlar sezilarli darajada oshirildi:
10 tonnagacha yuk tashuvchilar uchun 130 dollar (avval 50 dollar);
10−20 tonna oraligʻidagi yuklar uchun 180 dollar (avval 100 dollar);
20 tonnadan yuqori yuklar uchun 250 dollar (avval 150 dollar).
Bundan tashqari, uchinchi mamlakatlardan yuk tashish va Oʻzbekiston hududidan yuklarni olib chiqish uchun yigʻim 375 dollargacha oshirildi.
Evropa Ittifoqi davlatlari va Ozarbayjon tashuvchilari uchun yangi tabaqalashtirilgan tariflar joriy etildi:
14 kungacha kirish uchun — 80 dollar;
14 kundan ortiq boʻlgan hollarda — 280 dollar.
Eronda roʻyxatdan oʻtgan yuk mashinalari uchun yigʻimlar bekor qilindi. Ular uchun stavka «0» dollar etib belgilandi.
Qolgan mamlakatlar uchun yigʻimlar oʻzgarishsiz qoldi.
Tojikiston - tonnaciga qarab 100−150−200 dollar;
Qozogʻiston - 300 dollar;
Qirgʻiziston - 300 dollar;
Afgʻoniston - 50 dollar;
Boshqa mamlakatlar - 400 dollar.
2025 yildan boshlab milliy tashuvchilar uchun yigʻimlar tenglashtirilishi hamda mamlakatlar oʻrtasida E-Permit elektron tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.













