Rossiya bosh ravvini Berl Lazar Toshkentda ikki kunlik rasmiy tashrifda boʻldi. Gazeta.uz xabariga koʻra, u Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, Diniy ishlar boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboev hamda mahalliy yahudiy jamoasi vakillari bilan uchrashdi.


Tashrif doirasida delegatsiya Toshkentdagi yahudiy qabristoni va sinagogalarni ziyorat qildi. Maъlumotlarga koʻra, mazkur qabriston Ikkinchi jahon urushi davrida tashkil etilgan boʻlib, unda taniqli shaxslar — rejissyor Vladimir Shapiro, fotograf Maks Penson va haykaltarosh Yakov Shapiro dafn etilgan.


Berl Lazar tashrif chogʻida qabristonni rekonstruktsiya qilish loyihasi bilan ham tanishdi. Manbaning taъkidlashicha, Loyiha doirasida qabirlarni taъmirlash, yangi ibodatxona va darvoza qurish rejalashtirilgan.


Din ishlari boʻyicha Qoʻmita raisi Sodiq Toshboev bosh ravvin bilan uchrashuv chogʻida uni yaqinlashib kelayotgan Pesax bayrami bilan tabriklab, har yili bayram munosabati bilan Oʻzbekistonga katta miqdorda matsa olib kelinishini muъlum qildi. Uning taъkidlashicha, bu yil ham ushbu yordam insonparvarlik asosida, bepul ravishda amalga oshiriladi.


Sodiq Toshboev, shuningdek, yahudiy jamoalari ham boshqa barcha roʻyxatdan oʻtgan diniy tashkilotlar kabi barcha huquq va imtiyozlardan toʻliq foydalanayotganini taъkidladi, deyiladi xabar matnida. 


Berl Lazar uchrashuvlar davomida Oʻzbekistonda yahudiy xalqi tarixi aks ettiriladigan muzey barpo etish, hamda ibodat marosimlari uchun alohida ibodatxona qurish gʻoyasi mavjudligini maъlum qildi. Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov mazkur tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, loyihaga amaliy yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga aloqador