Qozogʻistonda ikkinchi va uchinchi AES ham qurilishi mumkin

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev mamlakatda ikkinchi va uchinchi atom elektr stantsiyalari qurilishini mumkin deb hisoblamoqda. Uning soʻzlariga koʻra, Qozogʻiston atom energetikasini rivojlantirib, energiya taqchilligini bartaraf etish orqali iqtisodiy oʻsishga erishishni maqsad qilmoqda.

«Qozogʻiston yuqori quvvatli atom stantsiyasiga muhtoj. Yaqin kelajakda ikkinchi va uchinchi AES qurilishi mumkin. Atom energetikasining kelajagi porloq», — dedi Toqaev Ana tili gazetasiga bergan intervʻyusida.

Oktyabr oyida mamlakatda AES qurilishi boʻyicha oʻtkazilgan referendumda saylovchilarning 70 foizdan ortigʻi bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlagan. Shu munosabat bilan hukumat beshta davlatni oʻz ichiga olgan xalqaro konsortsium yaratish niyatida ekanini bildirgan.

Prezidentning aytishicha, loyiha boʻyicha kompaniyalar oʻrtasida tanlov oʻtkazilib, yakuniy qaror qabul qilinadi. Bu borada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muhokamalar oʻtkazilgan. «Rosatom» kompaniyasining ehtimoliy ishtirokidagi hamkorlik bilan bir qatorda, Xitoy va Gʻarb korporatsiyalari ham loyihaga qiziqish bildirgan.

Energetika vazirligining maʻʻlumotlariga koʻra, Qozogʻistonda elektr energiyasining 66 foizi koʻmir zavodlarida ishlab chiqariladi. 2035 yilga kelib energiya isteʻʻmoli 152,4 milliard kVt/soatgacha oshishi kutilmoqda, ammo mavjud quvvatlar talabga javob bera olmasligi mumkin.

Mavzuga aloqador