Sobiq SSSR davlatlari chegara mojarolariga nuqta qoʻydi. Qirgʻiziston va Tojikiston 984 km uzunlikdagi davlat chegarasi boʻyicha kelishuv imzoladi. Natijada “Qayragʻach” va “Qizil-Bel” nazorat-oʻtkazish punktlari qayta ochildi, Bishkek–Dushanbe va Bishkek–Xoʻjand aviaqatnovlari tiklandi. Muzokaralar davomida Qirgʻiziston baъzi yon bosishlarga bordi, xususan, Doston qishlogʻi toʻliq Tojikistonga berildi.


Shu bilan bir paytda geosiyosiy maydonda yana bir muhim voqea yuz berdi. Ozarbayjon va Armaniston ham tinchlik shartnomasining barcha bandlari boʻyicha kelishuvga erishdi. Erevan Ozarbayjonga nisbatan hududiy daъvolarni Konstitutsiyadan olib tashlashga tayyorligini bildirdi. Chegarada uchinchi davlat harbiy kuchlarini joylashtirmaslik sharti ham qabul qilindi. 


“Biz shartnomani toʻliq tahlil qildik va toʻrt yil davom etgan muzokaralar natijasida shakllangan ushbu murosali variant Armaniston uchun maqbul boʻlishi mumkin degan qarorga keldik”, dedi Pashinyan. 


Biroq, Zangazur yoʻlagi masalasining qanday hal etilgani ochiqlanmagan. Hujjatning qachon imzolanishi ham nomaъlumligicha qolmoqda. Mutaxassislar esa shartnoma imzolanishiga umuman ishonish yoki ishonmaslik borasida turlicha fikr bildirmoqda. Lekin shartnomaning barcha bandlari boʻyicha kelishuvga erishilgani, shubhasiz. 


Ekspertlar fikricha, ushbu kelishuvlar mintaqada barqarorlik va iqtisodiy rivojlanish uchun muhim qadam sifatida koʻrilmoqda. Chegara nizolarining hal etilishi sarmoyalar jalb qilish, savdo aloqalarini kengaytirish va tinchlikni mustahkamlash imkonini beradi. Biroq, suv resurslari taqchilligi hali hanuz dolzarb muammo boʻlib qolmoqda.


Siyosatshunoslar Sovet davrida qasddan yaratilgan hududiy nizolar hozirgi kelishmovchiliklarning ildizi ekanini taъkidlashmoqda. Biroq, hozirgi tendensiya davlatlar oʻzaro nizolardan voz kechib, barqarorlik va taraqqiyot yoʻlini tanlayotganini koʻrsatmoqda.

Mavzuga aloqador