Suriyadagi urushda qatnashayotgan oʻzbekistonlik qidiruvga berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Suriyadagi urush harakatlarini yoritib borayotgan Abu Valid taxallusli oʻzbekistonlik yigit Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish va boshqa ayblovlar bilan qidiruvda ekani maʻʻlum qilindi.
Suriyaning Idlib shahridan turib ijtimoiy tarmoqlarda vaziyatni yoritib borayotgan oʻzbekistonlik erkak qidiruvda ekani maʻʻlum qilindi. Ichki ishlar vazirligi unga nisbatan Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish va boshqa ayblovlar bilan jinoiy ish ochilgani, u yuritayotgan sahifalar Oʻzbekiston hududida taqiqlanganini bildirdi.
Vazirlik maʻʻlumotlariga koʻra, Abu Valid taxallusi bilan faoliyat yurituvchi Nuriddinov Xudoyor Baxtiyor oʻgʻli 1994 yilda Fargʻona viloyati Rishton tumanida tugʻilgan.
Unga nisbatan DXX tomonidan «terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida oʻquvdan oʻtish yoki harakatlanish» (JK 155-2-modda), «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish» (JK 159-moddasi), «qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki Oʻzbekistonga kirish» (JK 223-moddasi) va «taqiqlangan tashkilotlar tuzish hamda ularga rahbarlik qilish, ishtirok etish» (JK 244-2-modda) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qidiruv eʻʻlon qilingan.
«X.N. 2016 yilda Rossiyaga mehnat muhojiri sifatida borib, u erda xalqaro terroristik tashkilotlar gʻoyalari taʻʻsiriga tushib, Suriyaning Idlib shahriga ketgan. U erdan turib olib borgan targʻibot ishlari oqibatida bir qancha yurtdoshlarimiz janglarda ishtirok etib halok boʻlgan. Ayni vaqtda X.N. ijtimoiy tarmoqlar va YouTube videoxostingi orqali oʻzining jinoiy qilmishlariga diniy tus berib, jihodga chorlovlarni davom ettirmoqda», — deyiladi xabarda.
Vazirlik u yuritayotgan sahifalar Oʻzbekiston hududida taqiqlangani, ularni saqlash, olib yurish va tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishini maʻʻlum qilgan.













