Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan tungi klublardan birida 16 mart kuni soat 02:30 da mojaro yuz berdi. Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi bergan rasmiy maъlumotlarga koʻra, 1995 yilda tugʻilgan fuqaro 1985 yilda tugʻilgan tanishi bilan janjallashgan. Ularni ajratishga uringan 1990 yilda tugʻilgan shaxs esa kaltaklangan.  


Oqibatda jabrlanuvchi bosh miya jarohati, yuzidan yirtilgan jarohat va spirtli ichimlikdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Uning ogʻir ahvolda ekani va 5 soatlik jarrohlik amaliyotidan soʻng sunъiy komaga tushirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Jabrlanuvchining ikki farzandi borligi maъlum boʻlib, uning yaqinlari aybdor jazodan qochib qutulmasligini talab qilmoqda.  


Mazkur holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 277 moddasi (Bezorilik) asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.  


Bu kabi holatlar avval ham sodir boʻlib kelgan. Fevral oyida Fargʻonada joylashgan “Verona” kompyuter klubi ichida shovqin koʻtargan shaxs klub ish yurituvchisini doʻpposlagan. U tadbirkor oʻgʻli ekani va kerak boʻlsa klubni sotib olishini daъvo qilgan. Mazkur jinoyatda gumonlanuvchi shaxs va uning besh sherigi hibsga olingan.  


Shuningdek, 2018 yilda taniqli erkin kurashchi Jamshid Kenjaev “Aurum-898” tungi klubida qoʻriqchilar bilan janjaldan soʻng pichoqlab oʻldirilgan edi. Jinoyatchilarga sud tomonidan uzoq muddatli qamoq jazolari berilgan.  


Tungi klublar va restoranlarda bunday hodisalar koʻp uchraydi. 2024 yilda Oʻzbekistonda 61 mingdan ortiq jinoyat ishi koʻrib chiqilgan boʻlib, Jinoyat kodeksining 277 moddasi bilan bogʻliq 3 223 kishi qamalgan. Xavfsizlik choralari kuchaytirilmasa, bunday mojarolar soni yanada ortib borishi mumkin.

Mavzuga aloqador