Toshkentga 361 kg eshak goʻshtini olib ketayotgan haydovchi ushlandi
Sirdaryoda 361 kilogramm eshak goʻshtini olib ketayotgan mashina toʻxtatib qolindi. Bu haqda "Millar" dasturida maъlum qilindi.
Qayd etilishicha, 25 may kuni Qarshi—Toshkent yoʻnalishi boʻylab harakatlanib kelayotgan Lacetti rusumli transport vositasi toʻxtatilib, tekshirilgan. Natijada mashinaning yukxonasidan goʻsht mahsulotlari topilgan.
Suhbat davomida haydovchi ushbu goʻsht mahsulotlari oʻziga tegishli emasligini hamda uni aytilgan manzilga olib ketayotganini bildirgan.
Goʻsht mahsulotlari Sirdaryo viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi laboratoriyasiga topshirilgan va ular eshak goʻshti ekani tasdiqlangan.
Hozirda holat yuzasidan Sirdaryo tumani IIB tergov boʻlimi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani aytilmoqda.













