28 fevralь kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Surxondaryo, Samarqand hamda Toshkent viloyatlarida faoliyat yuritayotgan tuman va shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida videomuloqot yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda tashkiliy masalalar ham koʻrildi. Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Aliakbar domla Sayfuddinov oʻz arizasiga koʻra vazifasidan ozod etilib, Termiz shahridagi “Hakim Termiziy” jome masjidi imom-xatibi vazifasida qoldirildi. Termiz shahri bosh imomi va “Manguzar” jome masjidi imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan Rasuljon domla Abdullaev Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Surxondaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi vazifasiga tayinlandi.

Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani “Oltintepa” masjidida imom-xatib boʻlib ishlab kelayotgan Ahmadxon qori Alimov Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi etib tayinlandi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili vazifasini vaqtinchalik bajarib kelgan Yoqubjon domla Mansurov bosh imom-xatib oʻrinbosari va Samarqand tumani “Xoʻja Ahrori Valiy” jome masjidi imom-xatibi vazifalarida qoldirildi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakili Jasurbek domla Raupov ham oʻz ixtiyori bilan lavozimidan ozod etilib, Zangiota tumanidagi “Zangiota” jome masjidi imom-xatibi vazifasida qoldirildi. 

Toshkent tumani bosh imomi va mazkur tumandagi “Hasanboy ota” jome masjidi imom-xatibi vazifasida ishlab kelayotgan Doniyor domla Ikromov Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlandi.

Mavzuga aloqador