Yaqindagina Istanbulda sodir boʻlgan 6.2 balli zilzila turklarda kuchli vahima uygʻotdi. Bu hodisadan keyin turk xalqi masjid va bogʻlarda chodirlar ichida jon saqladi.

Xoʻsh, qadimgi Usmonli tarixida ham bunday zilzilalar sodir boʻlganmi? Keling, bugun shu haqda gaplashamiz.

1509 yilda, Sulton Bayazid II davrida Usmonlilar yirik zilzila falokatini boshdan kechirishgan. Zilzila shu darajada vayronkor boʻlganki, xalq orasida unga “kichik qiyomat” maъnosini anglatadigan “Qiyomat-i sugʻro” deb nom berilgan. Jamiyatda qiyomat keldi degan fikr paydo boʻlgan.

Shundan keyin, maъlum vaqt oraliqlarda, XVI va XVII asrlarda jami 9 ta zilzila roʻy berdi. 1719 yilda Istanbul ikki marotaba kuchli zilzilaga duch keldi. Koʻplab binolar vayron boʻlib, zarar koʻrdi. Manbalarda qayd etilishicha, zilzila oqibatida 40 ta masjid va 27 ta minora xarobaga aylangan. Shahar devorlari ham zarar koʻrgan.

1766 yilda Marmara sohili boʻylab yana ikki marotaba zilzila sodir boʻldi. Bogʻazichidan Mudanya koʻrfazigacha boʻlgan hududda tsunami yuzaga keldi. Zilzila Qurbon hayiti kuni, bomdod namozidan soʻng sodir boʻldi. Agar biroz oldin, masjidlar toʻla boʻlgan paytda yuz berganida, qurbonlar soni ancha koʻp boʻlishi mumkin edi.

1894 yilda esa taxminan 7.3 ball kuchga ega boʻlgan zilzila sodir boʻldi. 10 ming atrofida bino jiddiy zarar koʻrdi.

Koʻrinib turganidek, Usmonli Istanbulida ham qisqa oraliqlarda katta zilzilalar roʻy bergan. Buning yana Usmonlilardan avvalgi tarixi ham bor. Zilzila borasidagi fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring

Manbalar asosida Muhammadali Hikmatulloh tayyoladi

Mavzuga aloqador