2-1 – Tramp oldinda. AQSh Apellyatsiya sudi Tramp joriy etgan bojlar boʻyicha taqiqni toʻxtatdi
AQSh Federal Apellyatsiya sudi prezident Donalьd Tramp joriy etgan import bojlariga nisbatan kuni kecha boshqa sud tomonidan chiqarilgan taqiq qarorini vaqtincha toʻxtatdi. Apellyatsiya jarayoni davomida bojlar kuchda qoladi. Amerika matbuotining yozishicha, ish katta ehtimol bilan Oliy sudgacha etib boradi.
Apellyatsiya sudi tomonlarning oʻz dalillarini yozma ravishda iyunь boshigacha taqdim etishini talab qildi.
Bir kun avval AQSh Xalqaro savdo ishlari boʻyicha Federal sudi Tramp jahon miqyosida bojlar joriy etishda oʻz vakolatidan oshib ketganini taъkidlab, ularni toʻxtatish haqida qaror chiqargan edi.
Uch nafar sudyadan iborat hayъat xulosasiga koʻra, Tramp bojlarni asoslash uchun tayanayotgan 1977 yilda qabul qilingan Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar toʻgʻrisidagi qonun (IEEPA) prezidentga butun dunyoga qarshi boj joriy etish huquqini bermaydi.
Manxettenda joylashgan sud, shuningdek, AQSh Konstitutsiyasiga koʻra, tashqi savdoni tartibga solish faqat Kongress vakolatida ekanini va bu vakolat iqtisodiyotni himoya qilish bahonasi bilan prezident tomonidan cheklab qoʻyilishi mumkin emasligini taъkidladi.













