Belarus qurilish sohasiga Pokistondan 150 mingdan ortiq malakali ishchini jalb qiladi. Bu haqda Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Minskka rasmiy tashrifi chogʻida maъlum qildi. 


U Belarusning ushbu taklifini “Pokiston xalqi uchun katta sovgʻa” deb atagan.


Bosh vazirning aytishicha, pokistonlik mutaxassislar xalqaro standart sertifikatlariga ega boʻlib, ular Belarus iqtisodiyoti oʻsishiga sezilarli hissa qoʻshishi mumkin. 


BelTA agentligining xabar qilishicha, ushbu rejalarni amalga oshirishni osonlashtirish maqsadida Lukashenko Islomobod va Minsk oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashabbus bilan chiqqan.


“Pokistonlik ishchilarning Belarusga tez va qulay etib kelishi uchun havo yoʻli zarur. Biz bu masalada faol harakat qilmoqchimiz”, degan Belarus rahbari rasmiy uchrashuv chogʻida.


Minskda oʻtkazilgan muzokaralar davomida tomonlar nafaqat ishchi kuchi almashinuvini, balki qishloq xoʻjaligi, konchilik va harbiy-texnik yoʻnalishlarda ham hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilgan.

Mavzuga aloqador