Hindiston va Pokiston oʻrtasida ziddiyat tobora kuchaymoqda. Bharat 24 nashrining yozishicha, Hindiston harbiy-havo kuchlari bosh qoʻmondoni, aviatsiya bosh marshali A. P. Singh Pokiston bilan chegarada havo kuchlari toʻliq jangovar tayyorgarlikka keltirilganini maъlum qildi.


Unga koʻra, “Rafale” rusumidagi zamonaviy qiruvchi samolyotlar oldingi harbiy aerodromlarda joylashtirilgan va uzoq masofali parvozlar boʻyicha mashgʻulotlar uzluksiz davom ettirilmoqda.


“Havo hujumidan mudofaa tizimi toʻliq faollashtirilgan. Chegarani buzishga yoki har qanday harbiy faoliyatga zudlik bilan javob qaytarishga tayyormiz”, deyiladi Bharat 24 maqolasida.


Shu bilan birga, Pokiston rasmiylari ham harbiy tayyorgarlik koʻrayotganini eъlon qildi. The Times of India nashrining xabariga koʻra, Pokiston armiyasi Fatah seriyali “er-er” raketasini sinov tariqasida muvaffaqiyatli uchirdi. 


Ushbu raketaning uchish masofasi 120 kilometrni tashkil etadi va u Pokiston armiyasining navbatdagi harbiy mashgʻulotlari paytida sinovdan oʻtkazilgan.


“Bundan maqsad ushbu qurolning asosiy texnik parametrlarini, jumladan, raketaning ilgʻor navigatsiya tizimi va uning aniqligini tekshirishdir”, deyiladi Pokiston Qurolli kuchlari bayonotida.


Eslatib oʻtamiz, mazkur siyosiy mojaro 22 aprelь kuni Hindistonning Jammu va Kashmir shtatidagi Pahalgam shahrida sodir boʻlgan qonli hujum ortidan kuchaydi.

Mavzuga aloqador