Indoneziya Gʻazo aholisining maъlum qismini qabul qilishga tayyorligini bildirdi
Indoneziya Prezidenti Prabovo Subianto mamlakat Gʻazo sektoridan 1000 nafar yarador va etim bolani vaqtincha qabul qilishga tayyor ekanini maъlum qildi.
Jakarta Globe portalining maъlumotiga koʻra, hozirda Prabovo Subianto Yaqin Sharqqa yoʻl olgan boʻlib, u mintaqa etakchilari bilan Gʻazodagi inqirozni hal qilish boʻyicha muzokaralar oʻtkazmoqda.
Samolyotga chiqishdan oldin u jurnalistlarga bergan bayonotida Gʻazo aholisi evakuatsiya qilinishi va ular Indoneziyada vaqtinchalik joylashtirilishi rejalashtirilayotganini maъlum qildi. Prezidentning soʻzlariga koʻra, dastlabki bosqichda 1000 nafar gʻazolikka joy ajratiladi.
“Biz yaradorlarni qabul qilishga tayyormiz. Tez orada Tashqi ishlar vazirimizni falastin hukumati va mintaqadagi tegishli tomonlar bilan evakuatsiya jarayonini muhokama qilish uchun yuboramiz”, dedi Prabovo Subianto.
Manbaga koʻra, evakuatsiya uchun Indoneziya oʻzining samolyotlaridan foydalanishni rejalashtirmoqda. Biroq Prabovo Subianto bu jarayon tegishli tomonlarning roziligi bilan amalga oshirilishi kerakligini taъkidladi.
“Evakuatsiya qilinganlar Indoneziyada faqat vaqtinchalik qoladilar. Gʻazodagi vaziyat barqarorlashgach, ular vatanga qaytadilar”, dedi Prezident.













