isroil* Damashq yaqinidagi hududga aviazarba yoʻlladi
Bugun isroil harbiy-havo kuchlariga tegishli beshta jangovar samolyot Suriyaning Damashq shahri yaqinida joylashgan Sahnaya hududiga havo hujumini amalga oshirdi. SANA axborot agentligining bergan maъlumotlariga koʻra, hujum chogʻida kamida toʻqqizta aviazarba yoʻllangan.
isroil tomoni bu harbiy amaliyotni Damashq atrofida faoliyat yuritayotgan qurolli guruhlarning mahalliy aholiga tahdid solayotganiga javoban amalga oshirilganini bildirdi.
Rasmiy bayonotga koʻra, hujum “druz fuqarolarini himoya qilish” maqsadida uyushtirilgan.
Suriya Ichki ishlar vazirligi esa bayonotida isroilga tegishli uchuvchisiz uchish apparati xavfsizlik kuchlari toʻplangan hududga zarba berganini rasman tasdiqladi.
“Bu — bugun ertalab Sahnaya hududidagi xavfsizlik markazlariga yoʻllangan ikkinchi aviazarba hisoblanadi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ayni vaqtda hujum oqibatida halok boʻlganlar yoki jarohatlanganlar haqida rasmiy maъlumot berilmagan.













