Pokistonlik imom poezdda Qurъon oʻqigani uchun kaltaklandi
Hindistonning Gujarat shtatidagi poezdda Qurъon tilovat qilayotgan masjid imomi “pokistonlik” deb ayblanib, uch kishi – ikki erkak va bir ayol tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklanayotgani aks etgan videolavha Karar haber nashrining tarmoqdagi rasmiy sahifalarida eъlon qilindi.
Maъlum boʻlishicha, oqsoqol imom Rajastanning Gangapur shahridagi madrasa direktori hisoblanadi. U bu vaqtda oʻzi rahbarlik qilayotgan muassasa uchun xayriya yigʻish maqsadida Ankleshvar shahriga ketayotgan boʻlgan.
Jabrlanuvchining oilasi bergan maъlumotga koʻra, imom poezdga chiqqan zahoti bir guruh odam uning atrofida toʻplanib, musulmonlarga qarshi haqoratomuz soʻzlar ayta boshlagan.
Holat ayol yoʻlovchilardan birining uni “pokistonlik” deb atashi bilan yanada keskinlashgan. Poezd kuzatuvchisi imomni eshik yaqiniga chaqirganida, ikki erkak va bir ayol uni yuzma-yuz urib, tan jarohati etkazgan.
Hindistonda musulmonlarga nisbatan nafratga asoslangan jinoyatlar sonining oshib borayotgani xalqaro hamjamiyatni ham chuqur xavotirga solmoqda. Shunga qaramay, ushbu hodisa yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan hali hech qanday choralar koʻrilmagan.












