Rossiyada juma namoziga chiqqanlar tekshirilmoqda
Kecha, 13 dekabrʻ kuni Moskva yaqinidagi Reutov masjidida juma namoziga chiqqanlar xavfsizlik kuchlari tomonidan bir soatdan koʻproq vaqt davomida ushlab turilgan.
Guvohlarning soʻzlariga koʻra, namozxonlarga masjid binosidan tashqariga chiqishga ruxsat berilmagan, ularning bir nechtasi kasal boʻlib qolgan, odamlar gʻazablangan hamda voqelikni videoga olib, internetga joylagan.
“Bizga Reutovdagi mahalliy masjidda hech bir sababsiz bir soatdan koʻproq vaqt davomida ushlab turilgan musulmonlardan shikoyatlar kelib tushgan. Mavjud vaziyatda ular oʻzlarini yomon his qilishganini aytishgan", deyiladi Xalqaro musulmon huquqshunoslari uyushmasining telegram-kanalida.
Qoʻshimcha qilinishicha, xavfsizlik xodimlari barcha jamoat namoziga chiqqanlarning hujjatlarini tekshirgan, ularning bir qismini politsiya boʻlimiga olib ketgan.













