Rossiyada niqob taqiqi yana kun tartibida
Rossiyada musulmon ayollarning niqob taqishi masalasi yana jiddiy muhokama ostida. Moskva metrosidagi mojaro, Dogʻistonda oʻtkazilgan politsiya reydlari hamda Xasavyurtdagi musulmon ayollarga nisbatan bosimlar fonida rasmiylar bu kiyimni xavfsizlikka tahdid deb baholamoqda.
Taniqli dinshunos Roman Silantev Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodinga murojaat qilib, yuzni toʻsadigan barcha kiyimlarni, jumladan niqobning taqiqlanishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini taklif qildi.
Uning fikricha, yuzni yashirish jinoyat sodir etish yoki javobgarlikdan qochish uchun imkon yaratadi.
Rossiya Inson huquqlari kengashi aъzosi Eva Merkacheva esa, jamoat transportida har bir insonning yuzi koʻrinib turishi lozimligini, chunki mimika orqali uning niyatini anglash mumkinligini aytgan.
Shunga qaramay, Moskva metrosidagi niqobli ayolni himoya qilgan yigit 13 sutkaga hibsga olinib, unga jinoyat ishi ochilgani, hujum qilgan ayolga esa engil jazo tayinlangani jamiyatda norozilik keltirib chiqarmoqda.
Mutaxassislar ushbu cheklovlarni islomni federal darajadagi muhokamalardan siqib chiqarish va uni chekka, “rus dunyosiga boʻysunuvchi” din sifatida koʻrsatish siyosati deb baholamoqda. Siyosatshunos Ruslan Aysin esa, musulmonlar hanuzgacha “ichki dushman” sifatida koʻrilayotganini taъkidlab, viloyat darajasidagi bosimlar orqali markaziy hukumat oʻzini chetda tutayotganini aytib oʻtdi.












