Serbiyada namoyishchilar prezident isteъfosini talab qilishmoqda
Serbiya poytaxti Belgrad shahrida yarim millionga yaqin fuqaro prezident Aleksandr Vuchichning isteъfosini talab qilib, keng koʻlamli namoyishlarga chiqdi. Ushbu norozilik namoyishlari 2024 yilning kuzida Novi Sad shahridagi temir yoʻl vokzalida yuz bergan halokatli hodisadan soʻng boshlandi. Mazkur voqeada vokzalning beton soyaboni qulab tushib, 15 kishi, jumladan, uch nafar bola halok boʻlgan .
Fuqarolar ushbu fojiani hukumatdagi korruptsiya va sifatsiz infratuzilma loyihalari bilan bogʻlashmoqda. Xususan, Xitoy kompaniyalari ishtirokidagi yirik loyihalarda qonunbuzarliklar sodir etilgani va bu holatlar fojianing kelib chiqishiga sabab boʻlgan deb hisoblashmoqda .
Namoyishchilar adolatli tergov oʻtkazilishini, aybdorlarning javobgarlikka tortilishini va prezident Vuchichning isteъfosini talab qilmoqdalar. Norozilik namoyishida talabalar ham faol ishtirok etib, Belgraddan Novi-Sadgacha boʻlgan 80 kilometrlik masofani piyoda bosib oʻtib, halok boʻlganlarni xotirlashdi.
Bundan avval Serbiya bosh vaziri Milosh Vuchevich isteъfoga chiqishini eъlon qildi. U 2024 yil may oyida bosh vazir etib tayinlangan boʻlib, avvalroq mudofaa vaziri va Novi Sad meri lavozimlarida faoliyat yuritgan edi. Vuchevichning isteъfosi namoyishchilar talablariga qisman javob boʻlsa-da, fuqarolar prezident Vuchichning ham isteъfosini talab qilishda davom etmoqdalar.
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich esa namoyishlardan xavotirda emasligini bildirgan. Shu bilan birga, parlamentda ham keskinlik kuzatilib, deputatlar oʻrtasida janjallar sodir boʻldi. Ushbu voqealar Serbiyada siyosiy beqarorlikni kuchaytirib, hukumat va fuqarolar oʻrtasidagi ishonchsizlikni yanada oshirmoqda.













