Putinning “til fronti” Oʻzbekistonga koʻchdimi?


Mehmonlik odobini bilmagan Lavrov


Xalqimiz azaldan mehmonni xushtavozelik va ochiq koʻngillik bilan kutib olgan. "Mehmon – otangdek ulugʻ", "Mehmon oldida hatto mushugingni pisht dema" va boshqa maqollar oʻzbekdan boshqasida uchramasa kerak, yana bilmadim. Ammo shunisi maъlumki, mehmon boʻlishning ham oʻziga yarasha odobi bor. Jumladan, mehmon mezbon koʻrsatgan oʻringa oʻtirishi, uni ortiqcha shartlar bilan qiynab qoʻymasligi kerak.


Kuni kecha Samarqandga kelgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning bu madaniyatdan bexabarligi yoki oʻzbekcha odatlarni nazarga ilmagani koʻpchilikni ranjitdi. Rossiyalik mehmon oʻzini "otasining uyidagidek" his qilgan chogʻi u “Motamsaro ona” monumenti poyida rus tilidagi yozuv yoʻqligidan norozi boʻlgan.


Aslida Lavrovning “beodob”ligi 22 aprelь kuni Samarqand xalqaro aeroportidagi kutib olish marosimidayoq sezilgan edi. Rossiya TIV rahbari oʻzbekistonlik hamkasbi Baxtiyor Saidovning quchoq ochishiga javoban Saidovning quchoq ochishiga javoban uning elkasiga qoʻlini qoʻyish bilan kifoyalandi. Bu bilan u goʻyoki diplomatik mulozamatlarni yigʻishtirib, “nariroq tur” degandek reaktsiya koʻrsatdi. Bu ham etmagandek, Lavrov “qarshimda mavqedoshim emas, balki “bratishkam” turibdi”, deb oʻyladi shekilli Saidovning elkasiga qoqib qoʻyishni ham unutmadi. Boshqa kutib olganlar bilan esa soʻrashishni ham istamadi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashish uchun prezident Shavkat Mirziyoev ham Samarqandga etib bordi.


Ammo ikki vazirning Samarqanddagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qoʻyish marosimi barchasini kutilmagan tomonga burib yubordi. 


Monumentdagi inglizcha yozuvdan ensasi qotgan Lavrov: “Inglizlar sizlarga qaerdan kelib qoldi?” deb savol bergan. 


Lavrovga tarjimonlik qilgan shaxs esa eъtirozga javoban, Samarqand turizm shahri shahri ekanini va barcha tillarda yozuvlar boʻlishi tabiiyligini aytgan.


“Ammo rus tilidagi yozuvni koʻrmayapman” deya jigʻibiyron boʻlgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri. Baxtiyor Saidov esa bu suhbatga aralashmagan.


Oʻzbek jamoatchiligi qanday fikrda?


"Har bir mamlakat oʻzining hududidagi tarixiy obida yoki haykali atrofida qaysi tilda yozishini faqat oʻzi hal qiladi. Chetdan kelib, boshqa davlatning tashqi ishlar vaziri bizni tanqid qilishi notoʻgʻri. Zero, biz ularning koloniyasi emasmiz!" deb yozdi bu haqda OʻzJOKU rektori Sherzodxon Qudratxoʻja.


"Deylik, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Rossiyaga borsa va u erdagi Ikkinchi jahon urushiga bagʻishlangan yodgorliklarda nega oʻzbekcha yozuvlar yoʻqligi haqida savol bersa, qanday javob olardi? Bunday savol berishga haddi sigʻarmidi oʻzi? Unda nega Lavrovning haddi sigʻyapti?" deb yozdi taъlim boʻyicha ekspert, jamoatchilik faoli Komil Jalilov 


Huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiev esa "Rossiya mulozimining gaplarini diplomatik bezbetlik", deb qabul qilganini maъlum qildi.


"Hech boʻlmasa, taklif sifatida "rus tilida ham matn boʻlsa, xursand boʻlardik“ desa ham mayli ekan. Xuddi "yuqoridan“ tekshiruvchi kelganidek, "qani ruschasi?“ deya soʻroqqa tutishiga oʻlaymi», deyiladi uning izohida. 


Rus propagandachilarining daъvolariga javob qaytarib turishi bilan tanilgan "Milliy tiklanish" partiyasi etakchisi Alisher Qodirov fikricha, "rus siyosatchilari Oʻzbekistonda rus madaniyati va rus tiliga boʻlgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yoʻllarni sinab koʻrmoqda".


"Nega Oʻzbekistonda yoshlar hech kim eslatib turmasa ham, ingliz, nemis, turk va arab tillarini oʻrganishga harakat qiladi? Soʻrab olingan hurmat va yolgʻon yaratilgan ehtiyojdan faqat teskari natija boʻlishini vazir Lavrov bilmasligi mumkin emas", degan Qodirov. 


Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi hozircha Lavrovning "Motamsaro ona" monumenti poyidagi noroziligi yuzasidan biron rasmiy izoh bergani yoʻq.


Rus tili mojarosi: kecha va bugun


Lavrov Oʻzbekistondagi rus tilining ahvolidan norozi boʻlayotgan birinchi rus mulozimi emas. Bundan avval Toshkentdagi maktabda rus tili darsida oʻquvchiga nisbatan zoʻravonlik sodir etilgani Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning noroziligiga sabab boʻlgandi.


Oʻtgan yil sentyabrida yuz bergan hodisa ortidan Zaxarova Oʻzbekistonga rus tilining koʻp asrlik ijobiy taъsiri”ni pisanda qilgan.


Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi odatdagidek ushbu mojaroga ochiq munosabat bildirmagan.

Alisher Qodirov esa Zaxarovaning bayonotini Oʻzbekistonning ichki ishlariga aralashish, deya baholagandi.


2023 yil sentyabrida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi OʻzJOKU rektori Sherzodxon Qudratxoʻjaning soʻzlariga eъtiroz bildirgan.

Moskva rektorning oʻzbek tilini bilmaydiganlar "bosqinchi yoki ahmoq"ligi haqidagi soʻzlarini hazm qilolmagan va buni "oʻta haqoratli va mutlaqo qabul qilib boʻlmas" deya baholagandi.


Rasmiy Toshkent esa faqat bir marta: rossiyalik propagandachi Zaxar Prilepinning Oʻzbekistonni Rossiyaga qoʻshib olish haqidagi bayonotiga nisbatan ochiq pozitsiyasini ifodalagan edi.


Oʻshanda Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgandi. 


Endi nima boʻladi?


Lavrovning eъtirozidan soʻng jamoatchilik faollari "vallomatlarimiz Oʻzbekistondagi barcha obidalarga ruscha yozuv qoʻshib chiqmasa boʻldi", deyishayotgani ham bor gap. Katta ehtimol bilan ushbu mavzu biroz sovigach, ular kutgan hodisalar ham roʻy berishi mumkin. 


Uzoqqa bormaylik, yaqindagina  Activist loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov “Bon!” qahvaxonasida oʻnga rus tilida gapirilib, xizmat koʻrsatilganini tanqid qilib chiqqandi. 


Koʻp oʻtmay Adliya vazirligi ham qarshi tomonni himoya qildi. "Xodimlar va mijozlar oʻrtasidagi muloqotning oʻzi, shuningdek, taomnomani rasmiylashtirish faqat davlat tilida boʻlishi talab etilmaydi. Bunda muassasa egalari tashrif buyuruvchilarga qulay boʻlgan har qanday tildan foydalanishlari mumkin", deyiladi vazirlikning bu haqdagi izohida.


Jamoatchilik esa boshqacha fikrda boʻldi. Masalan, huquqshunos Dilshod Hoshimov isteъmolchi sifatida har bir mijoz xizmat koʻrsatuvchilarning oʻzbek tilida gapirishini talab qilishga haqqi borligini bildirdi.


Iskandar

Mavzuga aloqador